Breaking News

Jo Bayden: "AQSh qudrati mening prezidentligimda yanada oshdi"


AQSh Davlat departamenti, Vashington, 13-yanvaar, 2024
AQSh Davlat departamenti, Vashington, 13-yanvaar, 2024

"AQSh qudrati mening prezidentligim davrida yanada oshdi. Bugun davlatimiz yanayam kuchli, ittifoqchilarimiz ham kuchli. Raqib va g'animlarimiz esa zaiflashdi", -deydi Prezident Jo Bayden o'z tashqi siyosati yuzasidan xulosalarini Davlat departamentida bayon qilar ekan.

"Amerika mening boshqaruvimda dunyoda liderlik qilishda davom etdi, bu pozitsiyani mustahkamladi va yaratgan imkoniyatlarimizdan nafaqat o'zimiz, balki hamkor va sheriklarimiz ham manfaat ko'rdi", - deydi Bayden.

Uning aytishicha, o'tgan to'rt yil mobaynida milliy xavfsizlik choralari mahkamlandi va uzoq muddatni ko'zlovchi effektiv qadamlar tashlandi.

Bayden deydiki, undan keyingi rahbarga ulkan muvaffaqiyatlar va vazifalar qolmoqda, jumladan uning ma'muriyati erishgan yutuqlarni boy bermaslik va ittifoqchilarni bilan yaqindan ishlashda davom etish.

U.S. President Joe Biden delivers a speech at the State Department in Washington
U.S. President Joe Biden delivers a speech at the State Department in Washington

Xitoy va Rossiyaga eng yirik g'animlar sifatida qaragan Bayden bu ikki davlatni eng repressiv va mas'uliyatsiz tuzumlar deb biladi.

Oq uy nazarida harbiy salohiyatini bot-bot eslatib turadigan Moskva va Pekin global tizimni hurmat qilmasligi, xalqaro qonunlarni oyoqosti qilishi, inson huquqlari va adolat normalariga rioya qilmasligi sabab ham o'ta xavfli tizimlardir.

"Ittifoqchilarimiz hozirda o'ziga yanayam ishonadi va NATO har doimgidan ham kattaroq va saloiyatliroq", - deydi Bayden Shimoliy Atlantika harbiy alyansiga ishora qilib.

Navbatdagi prezident Donald Tramp NATO a'zolarini boqimandalikda tanqid qiladi. Ammo Baydenga ko'ra, blokka kiruvchi davlatlar hozirga kelib umumiy xarajatning salmoqli qismini ko'tarmoqda.

Ko'plab siyosatdonlar taxminicha, Tramp davrida alyansda jipslikka zarar yetishi, Amerika o'zboshimcha siyosatga berilishi va ittifoqchilar bilan yetarlicha maslahatlashmay qo'yishi mumkin.

Tramp komandasiga ko'ra esa bo'lajak prezident uchun AQSh manfaatlari birlamchi. Saylovchiga Oq uy AQSh xalqi foydasi va tinchligini ko'zlab harakat qiladi deb va'da berilgan.

AQSh Ukrainani quvvatlayverishi kerak, deydi Prezident Bayden
AQSh Ukrainani quvvatlayverishi kerak, deydi Prezident Bayden

Bayden ham o'z prezidentligini shunga bag'ishlaganini aytadi, ammo uningcha, AQSh global yetakchi bo'lib qolishi uchun dunyo bilan kelisha olishi, ittifoqchilari va strategik sheriklari bilan o'zaro manfaatlar yuzasidan ishlay olishi lozim.

Prezidentligini 2021-yilning yanvarida boshlagan Bayden tashqi siyosatda duch kelgan eng og'ir sinovlardan biri Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi va uning oqibatlari bo'ldi.

Bayden ma'muriyati jon-jahdi bilan Ukrainani himoya qildi va Rossiyaga qarshi global koalitsiya tuzdi.

Prezident bu jarayonda atom urushiga yo'l qo'ymaslikni eplaganini ham aytadi.

"Navbatdagi rahbariyat bu yutuqni qadrlashi va Ukraina xalqining kelajagi porloq bo'lishi uchun harakat qilishi kerak", - deydi Bayden.

Uning ta'kidlashicha, AQSh Yaqin Sharqda tinchlikka erishish uchun Isroilni quvvatlashda davom etishi, shu bilan birga Falastin mustaqil davlat sifatida oyoqqa turishi uchun ham ko'maklashishi, ikki xalq yonma-yon osuda hayot kechira olishi uchun hissa qo'shishi kerak.

Bayden fikricha, Amerika Xitoydan biror bir sohada ortda qolmasligi, bu siyosiy va iqtisodiy raqobatda undan ustun jihatlarini asrab-avaylashi va Xitoydan xavfsiraydigan hamkorlariga dalda bo'lishi shart. Bu bilan Bayden Osiyo-Tinch okeani hududida AQSh harbiy, iqtisodiy va madaniy ta'sirini oshiraverishi lozim, deya undamoqda.

Prezident Bayden yaqin kunlarda Isroil va HAMAS orasida kelishuvga erishiladi degan umidda
Prezident Bayden yaqin kunlarda Isroil va HAMAS orasida kelishuvga erishiladi degan umidda

Yaqin Sharq Bayden prezidentligining ayniqsa oxirgi ikki yilida tinimsiz o't ichida bo'ldi. Isroil G'azoda HAMASga qarshi amaliyotlarini to'xtatmagan. Bu guruhni yo'q qilmaguncha urush to'xtamaydi, deb keladi yahudiy hukumat.

Biroq Oq uy sulh uchun intilmoqda va umid shuki, Tramp qasamyodigacha Isroil va HAMAS orasida kelishuvga erishiladi.

Maqsad, dedi Bayden, jangarilar qo'lidagi mahbuslarni ozod etish va buning evaziga Falastin ahli nishonga olinmasligini ta'minlash, shuningdek, gumanitar yordamni oshirish.

"Juda ko'plab odamlar halok bo'ldi, mahallalar vayrona. Falastin xalqi tinch yashashga loyiq", - deydi AQSh prezidenti.

Biroq Bayden 2023-yilning oktabridan beri avj olgan mojaroda Isroilni qurollantirganlikda va yahudiy tomonni oqlaganlikda keskin tanqid ostida. Urushda Isroil tomondan 1200, Falastindan esa 46 mingdan oshiq insonning yostig'i qurigan.

Falastin rasmiylariga ko'ra, o'lganlar soni har kuni oshib bormoqda, turar joyidan ayrilganlar sanoqsiz, G'azo yashash uchun yaroqsiz.

Bayden bugun Davlat departamentida so'zlayotgan paytda tashqarida namoyishchilar uni tinimsiz qoralab, "urush jinoyatchisi", deya hayqirib turdi. Falastin dardini aks ettirish uchun namoyishda qonni eslatuvchi suyuqlik ham sepishdi.

Prezident esa ayb HAMASda, deydi. Bayden deydiki, Eron bu guruhni, shuningdek, Livanda Hizbulloh shia jangarilarni moliyalashda davom etarkan, Vashington Isroilni aslo tashlab qo'ymaydi. Yahudiy davlatiga tahdid qilganlar jazosini oladi, deydi u.

"Eron ham hozir ancha zaiflashgan. Yaqin o'tmishda bu qadar kuchini yo'qotmagan edi", - deydi Bayden, Suriyada Assad hukumati ag'darilganini ham qayd etarkan.

"Bu ham bizning ta'sirimiz va kuchimiz natijasi", - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG