Breaking News

Erdog’an Tramp bilan kelishib, AQSh bilan aloqalarni tiklashga umid qilmoqda


Donald Trampning AQShda prezidentlikka kelishini nafaqat uning tarafdorlari, balki Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an kabi ayrim davlatlar rahbarlari ham intizorlik bilan kutyapti.

Xalqaro hayot - 17-yanvar, 2025-yil - Otashkesimni falastinliklar va isroilliklar birday kutmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:13:21 0:00

So’nggi to’rt yilda Prezident Jo Bayden bilan biror marta rasmiy darajada ko’rishmagan va AQSh bilan deyarli jiddiy muloqot qilmagan Erdog’an Tramp bilan aloqani tiklashga umid qilmoqda.

“Har ikki rahbar bunday diplomatik munosabatlarga oldi-berdi nuqtai nazardan yondashadi. Erdog’an Trampni o’zi kabi pragmatik shaxs deb biladi va bu gal qo’shinlarini Suriyadan butunlay olib chiqish va’dasini bajarishidan umidvor”, - deydi turkiyalik tahlilchi Oydin Seljen.

Tramp Suriyada “Islomiy davlat” jihodchi to’dasiga qarshi kurashgan kurdlarga madad berish uchun safarbar etilgan AQSh qo’shinlarini birinchi prezidentligi paytida chiqarishga chaqirgan edi.

Anqara kurdlarning Xalq mudofaa otryadlarini terrorchi guruh deb biladi. Biroq ayrim kuzatuvchilar nazarida, Suriyada Assad tuzumining qulashi ketidan hokimiyatga kelgan “Hayat tahrir ash-Shom” guruhi va rahbariyatiga ishonchsizlik AQShni harbiylarini Suriyada hozircha qoldirishga majburlashi mumkin.

“Islomiy davlat” qayta bosh ko’tarmasligi yoki “Hayat tahrir ash-Shom” AQShga tahdid solmasligi uchun ular Xalq mudofaa otryadlari va kurdlarni hamda kurdlar bilan ittifoqni himoya qilishdan manfaatdordir. Vitse-prezident Jey Di Vens Daish tahdidiga ishora qilayotganini ko’rdik”, - deydi yana bir turk siyosatshunosi Sezin O’ney.

Anqaraning Vashington kabi Eronning mintaqaviy ta'siridan xavotirlanishi ham Erdog'an va Trampga birgalikda ishlash imkoniyatini beradi.

“Tramp ma’muriyati Turkiya bilan aloqalarni barqarorlashtirishni maqsad qilgan. Bu yo’nalishda Bayden ma’muriyati paytida bo’lmagan shaxsiy darajadagi muloqotlar kuchayganiga guvohmiz. Prezident Erdog’an va Prezident Tramp til topishishi aniq. Ammo bu Turkiya AQShdan istaganini oladi degani emas”, - deydi Vashingtondagi Brukings institutidan Asli Oydintoshbosh.

Erdog’an Tramp AQSh Kongressi tomonidan Turkiyaga F-35 qiruvchi samolyotlari savdosiga qo’yilgan taqiqni bekor qilishda yordam berishiga umid qilmoqda. Ham Rossiya, ham Ukraina bilan yaqin aloqalarga ega turk rahbari shuningdek Trampning Rossiya-Ukraina urushini to’xtatishga qaratilgan harakatlarida muhim rol o’ynashi ham mumkin.

“Agar Tramp Ukraina va Rossiya o’rtasida otashkesimga erishishga harakat qilayotgan bo’lsa, Turkiya juda ham foydali vositachi, AQSh siyosatiga o’ta foydali bo’lishi mumkin. Biroq buning o’ziga yarasha qiyinchliklari bor. Suriyadagi voqealar AQSh-Turkiya munosabatlari uchun juda erta sinov bo‘lishi mumkin”, - deydi Germaniyaning Marshall jamg’armasidan O’zgur Unluhisharchikli.

Tramp birinchi prezidentlik muddati paytida Erdog’anning Suriyada AQShga ittifoqchi bo’lgan kurdlarga hujum qilishi haqidagi do’q-po’pisalariga Turkiya iqtisodiyotini xonavayron qilish tahdidi bilan javob bergan va shundan so’ng lira keskin qadrsizlangan edi. Tahlilchilar Turkiya iqtisodiyoti hozir zaif ekaniga ishora qilar ekan, Erdog’an bu gal ancha ehtiyot bo’lishini taxmin qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG