Polsha hukumatining yangi dasturi noqonuniy muhojirlar oqimini kamaytirish, sharqiy qo‘shnilarining ehtimoliy tajovuzlarini qaytarishga qaratilgan.
2021-yil yozida Yevropa Ittifoqi va NATOga aʼzo boʻlgan uch qoʻshni davlat - Litva, Latviya va Polsha chegaralarida boshlangan migratsiya inqirozi hukumatlarni chegarani himoya qilish borasida jiddiy choralar ko’rishga majbur qildi. Ular bu inqirozda Belarusni, aniqrog’i Aleksandr Lukashenkoni aybladi.
Rossiya-Ukraina urushi boshlangandan so’ng chegara borasidagi xavotirlar kuchaydi, chunki Lukashenko-Putin hamkorligi barchaga ayon.
2024-yil oxirida Varshava Belarus bilan chegarada istehkomlarni qurishning navbatdagi bosqichi boshlanganini e'lon qildi.
“Bu nafaqat Polsha, balki Boltiqbo‘yi mamlakatlari kuchlarining birlashishidir”, - dedi loyiha haqida Polsha Bosh vaziri Donald Tusk. Unga ko’ra, istehkomlarni qurishda Finlyandiya ham ishtirok etmoqda.
Mamlakat mudofaa vaziri Vladislav Kosiniyak-Kamish ham mamlakat xavfsizligidan ustunroq masala yo’qligini, tahdid kelsa, vatanning har qarichi himoya qilinishini ta’kidlaнdi.
Polsha Xalqaro munosabatlar instituti tahlilchisi Aleksandra Kozilning aytishicha, chegarada qurilayotgan inshootlar “Sharq qalqoni” mudofaa dasturining bir qismi bo’lib, loyiha doirasida yangi istehkomlar quriladi, monitoring va qarshi-hujum tizimlari o’rnatiladi.
"Qurilish tajovuzkor qo'shnilarni tiyib turish zarurati bilan bog'liq, bu nafaqat Belarus, balki Rossiya ham. Dastur Polshaning sharqiy chegaralari xavfsizligini oshirishga qaratilgan, bu NATO va Yevropa Ittifoqi chegaralari hamdir”, - dedi mutaxassis “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
Dastur doirasida kompleks tizim bunyod etilib, harbiy istehkomlar, tinch aholi uchun boshpanalarga ega bo’lgan transport infratuzilmasi va chegarani sun’iy yo‘ldosh orqali kuzatuvchi vositalarni o’z ichiga oladi.
“Sharq qalqoni” tizimini yaratishdan asosiy maqsad Rossiya va Belarusning ehtimoliy tajovuzkor harakatlarini qaytarishdir. Dastur deyarli 800 kilometrni qamrab oladi", - deb tushuntiradi Kozil.
Loyihada Polsha-Litva chegarasidagi yuz kilometrlik Suvalki koridori alohida e’tibor qaratilmagan bo’lsa-da, uning xavfsizligi ham taʼminlanadi. U Boltiqboʻyi davlatlarini Yevropa Ittifoqining boshqa mamlakatlari bilan bo’glaydi.
Loyiha 2028-yilga qadar bitkazilishi rejalashtirilgan. Taxminan 2,4 milliard dollar ajratiladi. Kozilning taʼkidlashicha, xalq loyihani qoʻllab-quvvatlamoqda.
“Albatta, boshqa ehtiyojlar ham bor. Lekin Polshada hozir hamma xavfsizlikni ta’minlash asosiy masala ekanligini yoqlamoqda”, - deydi u.
Polsha Yevropa Ittifoqi Kengashida 1-yanvardan boshlab, olti oy davomida raislik qilmoqda. Kengashdagi Polsha guruhining shiori - “Yevropa xavfsizligi!”.
“Bu Polsha jamoatchiligi tomonidan qo'llab-quvvatlanayotgan siyosiy maqsadlardan biri", - deydi Kozil.
Belaruslik mustaqil ekspert Sergey Bulba fikricha, devorlar qurilishiga asosiy sabab Belarusdan Polshaga hali ham oqib kelayotgan noqonuniy immigrantlardir.
“Tushunib turibmizki, Putin va Lukashenko bundan Yevropaga bosim vositasi sifatida foydalanmoqda. Putin "assimetrik gibrid urushlarni" yaxshi ko'radi, bunday urushlarni noqonuniy immmigratsiya to'lqinlari orqali ham uyushtirmoqda", - deydi u "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.
Ekspert fikricha, bu borada ikki diktator oʻrtasida qarama-qarshi fikr mavjud. Putin chegaraga bundan keyin ham muhojirlar oqimini jo’natishni maʼqul koʻradi. Lukashenko esa bu borada Xitoy bilan hamfikr. Pekin Belarus-Yevropa Ittifoqi chegarasidagi muammolardan manfaatdor emas, chunki bu Xitoy tovarlarini G'arbga olib o’tishda qiyinchiliklar tug'diradi.
"Uning dunyodagi yangi siyosiy tartib Pekin atrofida shakllanishiga ishonchi komil, shuning uchun ham hatto o'g'lini Moskvadan Xitoyga jo’natdi, o'qishini tugatishi uchun", - deydi Bulba.
Shu kungacha Polsha-Belarus chegarasida 5140 kilometrli besh metr balandlikdagi istehkomlar qurib bitkazildi. Lekin muhojirlar baribir to‘siqlarni yengib o‘tishning yo’llarini topmoqda, narvonlardan foydalanmoqda, qo‘lbola asboblar yasab, Polshaga o‘tmoqda.
Sergey Bulba “Temir parda” davriga ishora qiladi. U Belarus qayta tiklanayotgan "Temir parda"ning narigi tomonida qolayotganidan tashvish bildiradi. “Bu biz uchun yomon”, - deydi u.
Shu bilan birga, Bulba Polshaga Belarus tomondan bostirib kirishga urinish bo'lgan taqdirda devorlar mustahkam mudofaa vositasi bo’la olishiga shubha bildiradi.
“U yerda tanklarga qarshi ariqlar yoʻq. Latviya va Litva allaqachon buni anglashdi, shuning uchun ham "ajdaho tishlarni" qisman o'rnatishmoqda. Polsha tomonida esa bu panjara faqat “yaxshi odamlar” uchun, ya’ni faqat odam o‘tolmasligi uchun”, - deydi mutaxassis.