Bugun AQShda yangi rahbariyat qasamyod qildi. 78 yoshli respublikachi Donald Tramp - prezident. 40 yoshli respublikachi Jeyms Vens - vitse-prezident.
"Amerikaning oltin asri boshlanmoqda ... Men Amerikani har doim har narsadan ustun qo'yaman. Xavfsizlik, suverenitet, chegaralarni mustahkamlaymiz. Adolatsizliklar, hokimiyat va vakolatdan qurol sifatida foydalanishga chek qo'yamiz", - deya nutqini boshladi Donald Tramp 47-prezident sifatida qasamyodidan keyin.
Muddati tugagan demokrat Jo Bayden prezidentligini tanqid qilar ekan, Tramp tizimni korrusiyada, salohiyatsizlikda, mamlakatda va chet elda o'z fuqarolarini himoya qila olmaganlikda, chegaralarni har qanday odamga ochib qo'yganlikda, o'zga davlatlarga yordamni oshirib, o'z xalqiga zarur xizmatni ko'rsata olmaganlikda aybladi.
Kaliforniyadagi yong'inlardan boshlab mamlakat bo'ylab jinoyatlargacha, Prezident Tramp noqonuniy immigratsiya, irqiy va jinsiy nohaqliklarda va umuman, AQSh har sohada orqaga ketganida liberal ma'muriyat aybdor, deya bong urdi.
Saylov kampaniyasi davrida Trampga qilingan xurujlarda omon qolganini u ilohiy voqealar deb atadi. "Men Amerikani qutqarish uchun bu hamlalardan tirik chiqdim", - dedi Tramp.
Uning so'zlariga ko'ra, uning qayta saylangani xalq irodasini yaqqol aks ettirib, Amerika yangicha erkinlik pallasi boshlanayotganidan darak beradi.
Tramp unga ovoz bergan qora tanlilar va latinolarga minnatdorchilik bildirdi. Ozchilikdagi saylovchilar bilan yaqindan ishlashga bel bog'laganini aytdi.
Yangi prezident avvalo immigratsion tizimni mahkamlamoqchi. Amerikaga hech kim hujjatsiz va ruxsatsiz kirmaydi, deydi u. Boshpana so'rab kelganlar Meksikada qoladi. Migratsiya keskin nazorat ostiga olinadi.
AQSh energetik jihatdan mustaqil bo'ladi, davlat o'z hududida yonilg'i qaziydi va o'z tabiiy boyliklariga tayanadi.
Hukumat samaradorligini oshirish uchun yangi idora ochiladi va sistematik islohotlar avj oladi, deydi Tramp.
U yangicha so'z erkinligi va'da qilmoqda. Muxolifat va tanqidchilarga nisbatan hokimiyatdagilar biror tahdid solmasligi ta'minlanadi, deydi u, Bayden ma'muriyati uni qamattirishga uringani haqidagi iddaolariga ishora qilib.
Jinsga nisbatan siyosat ham konkret bo'ladi, deydi Tramp. Bu davlatda ikki jins bo'ladi, erkak va ayol. Boshqacha jinsni hech kim da'vo qilolmaydi, deydi prezident.
Qurolli kuchlarning asosiy vazifasi dushmanni yer tishlatish, deydi prezident, shu bois ularga boshqa ishlar va masalalar yuklanmaydi.
Tramp deydki, AQSh dunyoda harbiy jihatdan eng qudratlisi bo'lib qoladi.
"Men birdamlik va tinchlik elchisi bo'lishni maqsad qilganman", - deydi prezident.
"Qayerda bo'lmasin, barqarorlik uchun harakat qilamiz. Davlatimiz eng hurmat qilingan, ishonilgan va havas qilinadigan diyor bo'ladi".
Meksika ko'rfazi nomini u Amerika ko'rfazi deb o'zgartirayapti va bu bilan janubiy hududlar mutlaq AQSh iznida, deya qo'shnilarni ogohlantirmoqda. U yerdagi biznes, harbiy flotlar faoliyati va boshqa sohalar Vashington tomonidan qattiqroq kontrol qiliadi, deydi Tramp.
Prezident sifatida u Amerika xalqidan o'ziga ishongan holda qadam tashlashni so'ramoqda. Tramp yurtni har yo'nalishda, yerda, suvda va samoda "yorug'lik tomon yetaklashga" so'z bermoqda.
"Amerikadek ambitsiyaga to'la xalq va davlat yoq' dunyoda", - deydi Tramp.
"Ajdodlarimiz bir necha koloniyani jahonning eng baquvvat tuzumiga aylantira olgan va biz bu ishni davom ettiramiz".
Prezident fikricha, kurrai zamindagi barcha ixtiro va texnologik ustunliklar, siyosiy-iqtisodiy va ijtimoiy qadriyatlar - barchasi Amerika bilan bog'liq.
"Biz mumkin bo'lmagan, tasavvur qilinmagan ishlarni amalga oshira oladigan jamiyatmiz. Biz har br sinovdan o'ta oladigan xalqmiz. Quvvatlovingiz bilan biz AQShni yanada qudratli, birdam va buyuk davlat qilamiz", - deydi Tramp.
"Men siz uchun kurashaman, siz uchun g'alaba qozonaman".