Breaking News

Marko Rubio - AQShning yangi bosh diplomati


Marko Rubio AQSh Davlat kotbi sifatida ilk bor Davlat departamentida so'zlamoqda, Vashington, 21-yanvar, 2025
Marko Rubio AQSh Davlat kotbi sifatida ilk bor Davlat departamentida so'zlamoqda, Vashington, 21-yanvar, 2025

Kubalik muhojirlar farzandi, Florida shtatidan chiqqan 53 yoshli Marko Rubio endi partiyaviy mafkurasini chetga surib, Amerika xalqi nomidan xolis xizmat qilishi kerak. Davlat kotibi sifatida u AQShning global yuzi, vakili va bosh diplomati.

Davlat departamenti - Amerika tashqi ishlar vazirligi. Qariyb 80 ming amerikalik bu vazirlik xodimi, vatanda va xorijda.

AQSh diplomatik xizmati dunyodagi eng o'tkir va professional tizim, deydi Rubio. Senatda Tashqi aloqalar qo'mitasi a'zosi bo'lgani uchun Rubio tashqi siyosatni kim amalga oshirishini yaqindan biladi.

Oilali va to'rt farzandli arbob uchun ispancha ona tillaridan biri. Ko'plab davlatlariga safar qilgan.

Rubio Florida shtatida ikki oliy ta'lim maskanini bitirgan - Florida va Mayami universitetlarini. Siyosatshunoslik va huquqshunoslikdan diplomlarga ega.

Kasbiy faoliyatini u 1990-yillarda Florida qonunchilariga yordamchi sifatida boshlagan. Keyinchalik Florida shtat parlamentiga saylangan, so'ngra AQSh Vakillar palatasiga. 2000-2008 yillarda palatada xizmat qilib, 2011-yildan hozirgacha senatorlik qilgan.

Amerikaning yosh va dinamik respublikachilaridan biri deya ko'zga va tilga tushgan Rubio 2016-yilda prezidentlik uchun harakat qilib, Donald Tramp bilan yuzma-yuz bellashgan.

Bugun esa uning tashqi ishlar vaziri ekan, Tramp kabi u ham AQSh manfaatlarini birinchi o'ringa qo'yishga bel bog'lagan. Har qanday yo'nalishda Vashington avvalo o'z foydasi uchun kurashadi, deydi Rubio, ammo asosiy maqsad tinchlik va barqarorlik bo'ladi.

"Milliy xavfsizlik, bebaho qadriyatlarimiz va kuchli tamoyillarimiz hamisha oldinga qo'yiladi, chunki bular AQSh davlatchiligi asosidir", - deydi u.

Amerika tinchlik elchisi bo'ladi, deya ta'kidlaydi Rubio.

Davlat kotibi Marko Rubioning ilk diplomatik uchrashuvlari Hindiston, Avstraliya va Yaponiya tashqi ishlar vazirlari bilan bo'ldi. Vashington, 21-yanvar, 2025.
Davlat kotibi Marko Rubioning ilk diplomatik uchrashuvlari Hindiston, Avstraliya va Yaponiya tashqi ishlar vazirlari bilan bo'ldi. Vashington, 21-yanvar, 2025.

"Davlat departamenti prezidentga eng mukammal g'oya va takliflarni berishini istayman. Tizimda biz eng samarali ishlaydigan organ bo'lamiz".

"Biz tashabbuslarni va dasturlarni hammadan yaxshiroq amalga oshiramiz. Ulkan o'zgarishlar bo'ladi, lekin birortasi kimnidir jazolash yoki adabini berish uchun qilinmaydi. Muddao - faoliyatimizni effektivlashtirish, Amerika manfaatlarini yaxshiroq himoya qilish, chunki dunyo daqiqa sari o'zgarib bormoqda. Biz biror jihatdan orqada qolib ketmasligimiz kerak. Qattiq ishlaymiz va siz bilan yonma-yon ter to'kishga tayyorman", - deydi Rubio.

Lavozimga tasdiqlanishidan oldin Senatda savolga tutilganida u Xitoy va Rossiya tashqi siyosatda ko'p e'tibor talab qilishini e'trirof etgan.

Ukrainadagi urushni to'xtatish, Isroil-Falastin mojarosiga barham berish, dunyo bo'ylab qator azaliy ziddiyatlarni bartaraf etish, boshqa konfliktlar chiqmasligini ta'minlash, Amerika qadiyatlarini targ'ib qilish borasida u o'z fikr-mulohazalarini izhor etgan.

Senator sifatida Rubio Xitoyning ashaddiy tanqidchisi bo'lib kelgan. Pekinni u eng qonxo'r rejimlardan biri deb ta'riflaydi, ayniqsa uyg'urlarga nisbatan shafqatsizlikda ayblaydi. Diktaturalar, yakkahokimliklar, huquqbuzar va qonunbuzar tuzumlarni qoralab keladi, jumladan Rossiyani ham.

Davlat kotibi ekan, bu davlatlar bilan qanchalik ishlay oladi, deya ko'plab siyosatdonlar uning salohiyatiga shubha bilan qaraydi.

Rubio lavozim uchun ko'rsatilganida, bosh diplomat sifatida jahonning har bir tomoni bilan muloqot qilishga shay ekanini, Amerika pozitsiyasi va takliflarini har qanday tarafga samarali ravishda yetkaza olishga qodir ekanini da'vo qilgan.

Trampning oldingi prezidentligida davlat kotibi ikki bor o'zgargan. Birinchisi tadbirkor Reks Tillerson edi, ikkinchi esa sobiq qonunchi Mayk Pompeo bo'lgan.

Rubio Tramp undan nima kutishini bilishini aytadi va 21-yanvar kuni Davlat departamenti xodimlari bilan uchrashar ekan, ularga shuni eslatdi,

"Har birimiz Amerika xizmatidamiz. Uning manfaatlari yo'lida ishlar ekanmiz, nafaqat o'z yurtimiz, balki insoniyat manfaatlari uchun ham mehnat qilamiz", - dedi u.

Rubio ishni Hind-Tich okeani hududidagi davlatlarning tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuvdan boshlab yubordi, jumladan Hindiston, Avstraliya va Yaponiya bosh diplomatlari bilan ko'rishdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG