Breaking News

Kongress: Terrorizm tahdidi hamon yuqori


2025-yilning 2-yanvarida Yangi Orlean shahridagi terror xurujida 14 kishi halok bo'lgan
2025-yilning 2-yanvarida Yangi Orlean shahridagi terror xurujida 14 kishi halok bo'lgan

Kongressning respublikachi a'zolari xavfsizlik tizimini terrorizmga qarshi choralarni kuchaytirishga undab, Prezident Donald Tramp va'da berganidek, "Islomiy davlat" va boshqa guruhlar solayotgan tahdid bartaraf etilishi kerak, deya eslatmoqda.

Shu yil boshida Yangi Orlean shahridagi xurujda 14 kishi o'ldirilgan. O'tgan yilning iyun oyida esa 14 nafar tojikistonlik terrorizmga aloqadorlikda gumon qilinib, qamoqqa olingan.

"Xotirjam bo'la olmaymiz, chunki xavf darajasi hamon yuqori", - deydi Mark Grin, Vakillar palatasi Ichki xavfsizlik qo'mitasi raisi.

“Xorijiy terrorist tashkilotlar va jihodchi to'dalar Amerikada o'zlariga a'zo qidirmoqda, jangarilarni yollashga urinmoqda".

Bayden ma'muriyati o'tgan yili terror tahdidi oshgani haqida ogohlantirgan edi, xususan Moskvadagi xurujlar ketidan.

Ichki xavfsizlik vazirligiga ko'ra, Amerika bo'ylab terror xavfi yuqori va bu yil mobaynida ham o'ta ehtiyotkor bo'lish talab qilinadi.

Vazirlik taxminicha, tahdid ko'proq biror tashkilotga a'zo bo'lmagan individuallardan kelishi mumkin.

Irqiy, diniy, jins, siyosiy va shaxsiy omillarga asoslangan xurujlarni yolg'iz odamlar qilishi mumkin, deyilgan bayonotda.

Vakillar palatasi qayd etishicha, 2021-yilning aprelidan beri AQShning 30 shtatida 50 dan ortiq terrorizm holatlari aniqlangan.

Kongress a'zolari G'arbiy Yevropada terrorizm xavfi oshganini ham kuzatib, yuzlab insonlar hibsga olinganini ta'kidlaydi.

Demokratlar nazarida respublikachilarning tashvishi faqat og'izda chunki xavotirlar va tahdid darajasi yuqori bo'lishiga qaramasdan tegishli qo'mitalarda tinglovlar va jiddiy muhokamalar o'tkazilmagan.

Vashingtondagi yetakchi aql markazi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi al-Qoida va "Islomiy davlat" qoldiqlari faollashganini kuzatsa-da, AQShda ularning kuchi borligini shubha ostiga oladi.

Markaz hisobotida yoritilishicha, bu guruhlar ayni damda Amerikada konkret ta'sirga yoki harakat qilish salohiyatiga ega emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG