Breaking News

Rossiya bilan harbiy strategik hamkorlik nimani anglatadi?


Rossiya Mudofaa vaziri Andrey Belousov O’zbekiston Mudofaa vaziri Shuhrat Xolmuhammedov bilan muzokaralar o’tkazdi, Toshkent, 22-yanvar, 2025
Rossiya Mudofaa vaziri Andrey Belousov O’zbekiston Mudofaa vaziri Shuhrat Xolmuhammedov bilan muzokaralar o’tkazdi, Toshkent, 22-yanvar, 2025

22-yanvar kuni Toshkentda O’zbekiston va Rossiya mudofaa vazirlari o’rtasida 2030-yilgacha mo’ljallangan strategik harbiy hamkorlik bitimi imzolanishi ortidan, O’zbekiston Ukrainada urushni davom ettirayotgan Rossiyaning kam sonli harbiy hamkorlaridan biriga aylandi.

Bu strategik sheriklik ittifoqdosh davlat armiyasi safida urushda qatnashishni nazarda tutmaydi, ammo o’zaro harbiy texnik hamkorlik va aloqalarni mustahkamlaydi, mashg’ulotlar, tajriba almashishni rivojlantiradi.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirishidan so’ng sanoqli davlatlar Moskva bilan harbiy hamkorlikni davom ettirdi. Bular, Rossiya yetakchiligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi a’zolari istisno qilinsa, asosan Shimoliy Koreya, Eron va O’zbekiston.

Rossiyaning Shimoliy Koreya bilan imzolagan strategik sheriklik bitimi O’zbekiston bilan imzolanganidan farqli ravishda, tahdid yuzaga chiqqanda harbiy yordam ko’rsatilishini ham nazarda tutadi. Ayni paytda minglab shimoliy koreyalik askarlar shu strategik sheriklik bitimiga muvofiq Rossiyaning Kursk viloyatida Ukraina armiyasiga qarshi jang qilmoqda.

Rossiya va Eron o’rtasida imzolangan strategik sheriklik bitimi esa o’zaro harbiy ko’makni nazarda tutadi. Eron Rossiyaga qurol-yarog’ yetkazish, xususan rus armiyasini “Shahed” dronlari bilan ta’minlashni ancha avval boshlagan edi. O’rtada yaqinda imzolangan strategik sheriklik bitimi o’zaro harbiy yordamni yanada kuchaytirishi kutilyapti. Bitimda harbiy askarlar orqali yordam istisno qilingan.

O’zbekiston va Rossiya o’rtasidagi strategik harbiy bitim tafsilotlari haqida esa ma’lumotlar kam. Ammo tamoyilga muvofiq, strategik sheriklik tomonlar hamkorligi, yordami, rivojlanish istiqbollari uyg‘unlashishi bilan oddiy hamkorlik shartnomalaridan farqlanadi.

O’zbekiston va Rossiya rasman strategik sherik va ittifoqchi davlatlar sifatida taqdim qilinadi. Buni 22-yanvar kuni Rossiya Mudofaa vaziri Andrey Belousovni Toshkentda qabul qilgan Prezident Shavkat Mirziyoyev alohida qayd etdi,ikki davlat o’rtasidagi harbiy hamkorlikni shu sheriklik doirasida yanada kengaytirish zarurligini ta’kidladi.

Belousov safari davomida O’zbekiston Mudofaa vaziri Shuhrat Xolmuhammedov bilan muzokara o’tkazdi, tomonlar o’rtasida 2026-2030 yillarga mo’ljallangan strategik harbiy hamkorlik bitimi imzolandi.

Uning doirasida 50 ta qo’shma tadbir o’tkazilishi belgilangan. Harbiy, harbiy-texnik hamkorlikni nazarda tutuvchi bitim tafsilotlari aniq emas, Rossiya delegatsiya harbiy-texnik hamkorlik istiqbollarini ham muhokama qilgani xabar qilinadi.

Safar, shuningdek, harbiy hamkorlikka doir bitim o’rtadagi strategik sheriklik va ittfoqchilik aloqalari doirasida belgilangan reja asosida amalga oshmoqdami yoki boshqa bir vaziyatlarni taqozo etadimi, bu ham noma’lum.

Shunisi aniqki, Ukraina urushi ortidan Rossiyaning iqtisodiy, harbiy imkoniyatlari ham cheklandi. G’arbning aksariyat davlatlari Rossiya bilan savdo iqtisodiy aloqalarni to’xtatdi, Rossiya harbiy sanoati keskin sanksiyalar ostida qoldi.

Rossiya ilg’or texnologiyalarni taqozo etuvchi harbiy sanoatini rivojlantirishda asosan Xitoyga, shuningdek, sanksiyalarni chetlashdagi aylanma yo’llarga aylangan Markaziy Osiyo davlatlariga suyana boshladi.

Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari kabi O’zbekiston ham Ukraina urushiga nisbatan betaraflik maqomini tutgan.

Ammo urush ortidan O’zbekistonning Rossiya bilan munosabatlari turli sohalarda shiddatli rivojlangandi, savdo-iqtisodiy ko’rsatkichlar bir necha barobarga o’sdi. Bu jarayon tomonlarning harbiy strategik hamkorlik bosqichiga chiqishi bilan kuzatilmoqda.

Bu manzarada O’zbekistonning Ukraina bilan iqtisodiy hamkorligi, rasmiy siyosiy munosabatlar ham deyarli to’xtagani nazarda tutilsa, Toshkentning urushga nisbatan betarafligi kimning foydasiga kechayotgani yaqqol ko’rinadi.

Ukrainada yashayotgan o’zbek faollaridan biri Ravshan Ro’zmetov Markaziy Osiyo davlatlarining Rossiya bilan aloqalarini mintaqani o’zi uchun xavotirli baholaydi.

“Mintaqa Ukraina urushidan saboq chiqarishi kerak. Rossiya Ukraina urushiga tortilgan, sanksiyalar tufayli imkoniyatlari cheklangan bir sharoitda turibdi. Mintaqa liderlari betaraflik bahonasida chetga chiqmasdan, aksincha, bu fursatdan unumli foydalanib, Markaziy Osiyo mustaqilligini mustahkamlash uchun ishlashi kerak. Ukraina urushidan keyin bunga kech bo’lishi mumkin”, - deydi u.

Ammo mintaqaning, jumladan Toshkentning “betarafligi” ham uni Moskva bosimidan xoli qilayotgani yo’q. Ayniqsa, Ukraina urushi davrida Kreml doirasidagi siyosatchilarning O’zbekistonga bosimi kuchaydi, mamlakat mustaqilligiga tahdid qiluvchi turli munozarali bayonotlar soni oshdi.

So’nggi vaziyat Kremlning bu bosimlari ish berayotganini, dunyo, jumladan Markaziy Osiyo miqyosida Rossiya tahdididan xavotirlar oshib borayotgan bir paytda, Toshkent Moskva bilan harbiy strategik hamkorlik olib borayotganini ko’rsatmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG