Breaking News

Trampning migratsiya siyosati: hujjatsiz muhojirlar harbiy bazalarda saqlanadi


AQSh harbiylari Immigratsiya va bojxona nazorati xizmatiga hujjatsiz migrantlarni Koloradodagi Bakli Fazo kuchlari bazasida saqlashga ruxsat berishini e’lon qildi. Bu qaror Prezident Donald Trampning hujjatsiz migrantlarga qarshi choralari doirasida Pentagonning rolini yanada kengaytiradi.

AQSh harbiylari migrantlarni mamlakatdan chiqarib yuborish uchun deportatsiya parvozlarini amalga oshirmoqda. Shuningdek, Tramp favqulodda holat e’lon qilganidan so‘ng, AQSh-Meksika chegarasiga 1600 dan ortiq harbiy xizmatchi yuborilgan. Bu esa AQSh harbiylarining immigratsiya siyosatidagi roli yanada oshganini ko’rsatadi.

AQSh harbiylarining Shimoliy qo‘mondonligi Bakli bazasida Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati uchun sharoit yaratishni boshlaganini ma’lum qildi. Bu qaror “AQSh Immigratsiya va bojxona nazorati xizmatiga mamlakat ichida jinoyatchi xorijliklarni vaqtincha joylashtirish va qayta ishlash imkonini berish” uchun qabul qilingan.

Shimoliy qo‘mondonlik o‘z bayonotida “Immigratsiya xizmati tomonidan talab qilingan inshoot tarkibiga vaqtinchalik operatsion markaz, tayyorgarlik hududi hamda noqonuniy migrantlarni qabul qilish, saqlash va qayta ishlash uchun vaqtinchalik saqlash joyi kiradi” deb ma’lum qildi.

Ushbu inshootda Immigratsiya xizmatining yuqori lavozimli rahbarlari, maxsus agentlari va tahlilchilari, shuningdek, Ichki xavfsizlik vazirligi tarkibiy bo‘linmalari hamda boshqa federal huquq-tartibot idoralari vakillari faoliyat yuritadi.

Guantanamo va noqonuniy muhojirlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:15 0:00

Shimoliy qo‘mondonlik Bakli bazasida qancha hujjatsiz migrantlar saqlanishi mumkinligi yoki yaqin orada boshqa AQSh harbiy bazalarining ham hujjatsiz migrantlarni saqlash uchun ochilishi haqida ma’lumot bermadi.

Bakli Fazo kuchlari bazasi Denver shahrining chekka hududi bo‘lgan Aurora shahrida joylashgan bo‘lib, u o‘tgan yili Trampning prezidentlik kampaniyasi davomida muhim mavzulardan biri bo‘lgan. Tramp o‘z kampaniyasi davomida Auroradagi turar-joy majmualari Venesuelalik “Tren de Aragua” jinoiy guruhi a’zolari tomonidan egallab olinganini iddao qilgan.

Biroq o‘sha paytda shahar rasmiylari bu da’volarni rad etgan. Tramp oktabr oyida Aurorada bo‘lib o‘tgan saylovoldi tadbirida ushbu jinoiy guruhga qarshi “Aurora operatsiyasi”ni boshlashga va’da bergan edi.

Bu hujjatsiz migrantlarni joylashtirish uchun harbiy bazalardan birinchi marta foydalanilishi emas. Pentagon ilgari ham bu borada qarorlar qabul qilgan. Jo Bayden ma'muriyati davrida voyaga yetmagan va qo‘riqchisiz migrant bolalar harbiy bazalarda joylashtirilgan. Bundan tashqari, Donald Trampning birinchi prezidentlik muddati davomida ham hujjatsiz migrant bolalar va oilalarni vaqtincha harbiy bazalarda saqlash bo‘yicha qaror qabul qilingan.

Respublikachi Donald Tramp AQShda huquqiy maqomsiz bo‘lgan migrantlarni rekord darajada deportatsiya qilishga qaratilgan bir qator ijro farmonlarini chiqardi.

Hali lavozimga o’tirganiga ko’p bo’lmagan Tramp, Bayden davrida joriy etilgan va jinoyat sodir etmagan migrantlarni hibsga olishni cheklagan ko‘rsatmalarni bekor qildi.

U, shuningdek, boshqa federal huquq-tartibot idoralariga immigratsiya bilan bog‘liq ishlarga ko‘maklashishni buyurdi hamda maktablar, cherkovlar, kasalxonalar va boshqa muhim joylarda immigratsiya qonunlarini qo‘llashni cheklagan Bayden siyosatini bekor qildi.

Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda immigratsiya bilan bog‘liq hibsga olish holatlari kuniga 1,000-1,200 ga yetgan, bu esa 2024-moliya yilida kunlik o‘rtacha 311 ta hibsga olish holatidan ancha yuqori.

Tanqidchilarning aytishicha, Trampning immigratsiyaga qarshi keskin choralari oilalarning ajralishiga, AQSh bizneslariga zarar yetishiga va migrantlarning adolatli sud jarayoniga bo‘lgan huquqlari buzilishiga sabab bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG