Breaking News

YXHT Tojikiston saylovlarini kuzatmaslikka qaror qildi


Tojikistonda 2020-yildagi prezident saylovi paytida olingan foto. Markaziy Osiyoning bu o'lkasi ham tarixda biror demokratik saylov o'tkazmagan.
Tojikistonda 2020-yildagi prezident saylovi paytida olingan foto. Markaziy Osiyoning bu o'lkasi ham tarixda biror demokratik saylov o'tkazmagan.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) Tojikistonda 2-mart kuniga belgilangan parlament saylovini kuzatmaydi.

Avval saylovlarni uzoq va qisqa muddatli ekspertlar bilan kuzatishini e´lon qilgan YXHT Dushanbe tashkilot ekspertlarini akkreditatsiyadan o`tkazishni paysalga solgani uchun shunday qarorga kelgan.

YXHT Inson huquqlari va demokatik institutlar byurosi 4-fevral kuni bildirishicha, Dushanbe missiya uchun boshqa yo'l qoldirmagan.

Bundan avval yanvar oyida YXHT missiyasi Dmitriy Butash Dushanbeda matbuot anjumani o`tkazib, parlament saylovlarini kuzatish uchun 30 nafarga yaqin uzoq muddatli ekspertlar, shuningdek bevosita saylov kuni qariyb 150 nafarlik guruh saylovni kuzatishi haqida aytgan edi.

So`nggi vaziyatdan kelib chiqilsa, Dushanbe YXHT missiyasini istamagan ko`rinadi. Hozircha hukumatdan biror izoh yo`q.

Kuzatuvchilar Tojikistonni sal kam 30 yildan buyon boshqarib kelayotgan Emomali Rahmon hokimiyati ostida o`tayotgan navbatdagi saylov avvalgilaridan farq qilishiga, parlamentda biror demokatik kuchlar paydo bo`lishiga ishonmaydi.

Ayniqsa, parlament saylovi arafasida Tojikistonda fuqarolik jamiyati vakillari ustidan bosim va tazyiqlar keskin kuchaygan.

2020-yilning 11-oktabrida o'tgan prezident sayovlari paytidagi manzara
2020-yilning 11-oktabrida o'tgan prezident sayovlari paytidagi manzara

5- fevral kuni Dushanbedagi tergov hibsxonasida “davlat to`ntarishi” uyushtirishda ayblanayotgan guruh ustidan sud hukmi o´qildi. Yopiq tarzda o`tgan mahkamada Tojikiston sotsial-demokratik partiyasi rahbariyati, bir nechta sobiq amaldorlar 27 yildan 18 yilgacha bo`lgan qamoq jazosigaloyiq topilgan.

“Davlat to’ntarishi” doirasida ayblanayotganlar qatorida Tojikiston hukumatining sobiq amaldorlari, deputatlar, shuningdek ,hozirgacha asosan Rahmon hukumatini yoqlab kelgan Tojikiston Sotsial-demokratlar partiyasi rahbarlari ham bor.

Mahkamada “davlat to’ntarishida” ayblangan sobiq tashqi ishlar vaziri Hamroxon Zarifi, shuningdek Sotsial-demokratlar partiyasi rahbari, sobiq deputat Saidjafar Usmonzoda 27 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Sotsial-demokratlar partiya raisining ikki nafar o‘rinbosari Shokirjon Hakimov va Ahamadshoh Komilzoda va Tojikiston Oliy Kengashini sobiq raisi Akbarshoh Iskandarov 18 yilga qamalgan. Bu ish doirasidagi yana bir necha kishiga 17 yildan qamoq jazosi berilgan.

Emomali Rahmon 1994-yilda beri Tojikistonni boshqaradi
Emomali Rahmon 1994-yilda beri Tojikistonni boshqaradi

Qamoqdagilar o`zaro til biriktirgan holda Tojikistonda “davlat to`ntarishi rejalashtirish”da ayblangan. Ammo ularning ayrimlari ayblovni rad etgan.

Maxfiylik tamg’asi ostidagi bu ishdan sizgan ayrim ma’lumotlarda ayblovga Tojikiston Sotsial-demokratik partiyasi rahbarining telefon suhbati asos qilingani aytiladi.

“Davlat to`ntarishi” bo`yicha o`tgan mahkamada Sotsial-demoktarik partiyasining qamoqqa olingan faollari biri Shokirjon Hakimovning jiyani, jurnalist Ruxshona Hakimova ham “davlatga xiyonat”da ayblanib sudga tortilgan, unga nisbatan sakkiz yillik qamoq jazosi berilgan.

Ta’kidlanishicha, Ruxshona Hakimova “Xitoyning Tojikistonga o`tkazayotgan ta´siri” mavzusida o`tkazgan ijtimoiy so`rovi doirasida tergovga tortilgan.

Tojikistonda 30 yildan oshibdiki, Rahmon yetakchiligidagi avtoritar rejim hukmron. Rahmon bir necha bor o’z prezidentlik vakolatini uzaytirdi. Mamlakatdagi muxoliflar quvg’in qilingan yoki qamoqqa tashlangan, inson huquqlari, so’z erkinligiga doir vaziyat ayanchli baholanadi.

Tojikistonda ham muxolifatga toqat qilinmaydi
Tojikistonda ham muxolifatga toqat qilinmaydi

Yaqinda inson huquqlariga doir yillik hisobotini chop etgan "Human Rights Watch" (HRW) xalqaro tashkiloti Tojikistondagi vaziyatni ham mintaqa davlatlari qatorida o’ta og’ir baholadi.

Jurnalistlarni himoya qilish qo`mitasi (CPJ) shu yil boshida e’lon qilgan hisobotida Tojikistonda yetti nafar jurnalist qamoqda saqlanayotganini, mamlakatda so’z erkinligiga nisbatan bosim ortayotgani, bu tendensiya kuchayishi mumkinligini qayd etgan edi.

Ruxshona Hakimova CPJ yil boshidagi hisobotida qayd etilmagan. Jurnalistga nisbatan jinoyat ishi ochilgani 22- yanvar kuni ma’lum bo`lgan edi. 5 – fevral kuni esa unga nisbatan sud hukmi chiqarilgan.

HRWning Markaziy Osiyo bo’yicha direktori Xyu Ulyamson “Ozodlik” radiosining tojik xizmatiga bergan intervyusida Tojikistonda vaziyat 2024-yilda jiddiy og’irlashganini qayd etadi.

U Tojikistondagi “davlat to’ntarishi” ishiga munosabat bildirar ekan, qamoqdagilar avval muxolif qarashlari bilan ko’zga tashlanmagani, jinoyat ishi hukumatning tanqidlarga toqatsizligidan dalolat ekanligini ehtimol qiladi.

Parlament saylovida mamlakatdagi mavjud 7 partiyaning oltitasi ishtirok etmoqda. Yetakchilari “davlat to’ntarishi”ga uringanlikda ayblanib, qamoqqa tashlangan Sotsial-demokratlar partiyasi jarayonda qatnashmayapti.

Ro´yxatga olingan nomzodlarning eng ko'pi Prezident Rahmon yetakchiligidagi Xalq demokratik partiyasi vakillaridir.

Tojikistondagi saylovlarni xorijdan kuzatishga majbur tojik muxolifati yaqinda AQShning yangi saylangan rahbari Donald Trampga murojaat bilan chiqdi.

Tojikiston Islohotlar va taraqqiyot harakati rahbari Sharofiddin Gadoyev nomidan tarqatilgan bu xatda siyosiy mahbus va mahkumlarning ozod qilinishi, mamlakatda ochiq demokratik saylovlar o’tkazilishi uchun AQShdan yordam so’raladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG