AQShda federal sudya Prezident Donald Trampning hukumat xizmatchilari sonini kamaytirish uchun ko'rayotgan chorasini qoralab, unga taqiqni uzaytirdi.
Bostonda sudya Jorj Otul chiqargan qarorga ko'ra, ma'muriyat xodimlarga hozir ishdan ketib, moliyaviy yil oxirigacha, ya'ni 30-sentabrgacha maosh olishni taklif qilayotgani qonunlarga ziddir va bunga ruxsat berilmaydi.
Kasaba uyushmalari bundan mamnun, lekin ma'muriyat harakatni to'xtatmoqchi emas. Sud qarori ham uzoq muddatni qoplamaydi.
AQSh federal tizimida 2 milliondan oshiq xizmatchi bor, harbiylardan tashqari. Taklif aynan no-harbiy kadrlarga qaratilgan. Uni qabul qilish uchun oxirgi kun 9-fevral edi.
2017-2021 yillar orasida ham davlatni boshqargan Tramp federal tizimda ishlaydiganlar unga bo'ysunmaganidan noligan va Oq uyga qaytsa, ularning sonini keskin kamaytirishga so'z bergan.
Kasaba uyushmalari o'z azolarini Oq uy taklifini chetga surishga undagan, ammo qariyb 65 ming xodim uni qabul qilgani ma'lum. Oq uy bundan ham ko'proq odam hujjat topshirishini kutgan edi.
Adliya vazirligiga ko'ra, Tramp ma'muriyati "berayotgan imkoniyat" - ishdan charchagan va to'liq tarzda ishxonaga qaytishni xohlamaydigan xizmatchilar uchun ayni muddao.
Shikoyatchilarning advokatlariga ko'ra esa hukumat qonunlarni oyoqosti qilib, mehnat huquqlarini poymol etmoqda, shuningdek, odamlarni bu tarzda ishdan chiqarish tizim faoliyatiga zarar yetkazadi.
Prezident Tramp hukumat samaradorligini oshirish uchun idora ochgan. Unga boshliq milliarder Elon Mask Oq uy tomonidan maxsus yollangan.
Kongressda muxolifat, demokratlar, Mask va uning guruhini bosh qomusga zid harakatlarda, fuqarolarning shaxsiy ma'lumotlarini ruxsatsiz olayotganlikda, turli agentliklarga nisbatan qonunga xilof ravishda ish ko'rayotganlikda ayblamoqda.
Mamlakat bo'ylab hukumatdan shikoyat qilib, minglab odamlar federal sudlarga arz qilgan.
22 shtat, xususan, Kongress ajratgan mablag' Tramp ma'muriyati muzlatib qo'ygani tufayli tegishli muassasalarga bormayapti; ularning faoliyati izdan chiqib, hatto kasalxonalar va boshqa tibbiy maskanlar ham qiynalmoqda, deb sudga chiqqan.
Federal sudya Tramp ma'muriyatiga AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining minglab xodimlarini ham ishdan olmaslikni buyurib, bunday qadam ham qonunlarni buzish bo'ladi, deya topgan.
Yana bir federal sud esa Maskning guruhiga Moliya vazirligining to'lov tizimlariga yaqinlashmaslikni buyurgan.