Shimoliy Kaliforniyada yashaydigan Petersenlar oilasi uchun ikki xonali kvartira tobora tor tuyula boshladi.
42 yoshli Jenn Peterson qo’l terapevti, uning 39 yoshli turmush o’rtog’i Stiv esa stomotolog yordamchisi bo’lib ishlaydi. Ular kattaroq uy sotib olishni umid qilayotgan edi. Ammo uy narxlari va ipoteka to’lovlari yana oshgani sababli bu orzuligicha qolmoqda.
Oilaning yillik daromadi 270 000 dollar bo‘lishiga qaramay, ular oyiga 2500 dollar ijara to‘lamoqda va yashayotgan hududida uy sotib olishga qurbi yetmayapti. Hozirda ular kattaroq uyga ko‘chishga qodir bo‘lganda ham, bu yana ijaraga olinadigan uy bo‘lishi mumkin.
Atlanta Federal Rezerv Bankining oktyabr oyidagi ma’lumotlariga ko‘ra, San-Xosedagi o‘rtacha daromadga ega ($156 700) bo‘lgan oila o‘rtacha narxi $1.54 million bo‘lgan uyni sotib olish uchun o‘z daromadining 80 foizini uy-joy xarajatlariga sarflashi kerak bo‘ladi. Bu xarajatlar ichiga oylik 8 600 dollar ipoteka to‘lovi ham kiradi.
Bu ko‘rsatkich an’anaviy moliyaviy tavsiyalardan ancha yuqori, chunki odatda uy-joy ijarasi yoki ipoteka to‘lovi oylik daromadning 30 foizidan oshmasligi kerak.
Petersenlar boshqa shtatga ko‘chib ketishni umuman xohlamaydi, chunki ularning yashab turgan hudud bilan mustahkam oilaviy aloqalari mavjud.
Shuningdek, arzonroq yashash xarajatlariga ega hududga ko‘chib o‘tilsa, daromadlari keskin kamayadi.
“Men faqat uy uchun o‘z ishimdan va oilam bilan yaqin aloqalarimdan voz kechishga tayyor emasman”, — dedi Jenn Petersen.
Ushbu muammo butun mamlakat bo‘ylab keng tarqalgan va tarixiy yuqori darajaga yaqinlashgan.
Atlanta Federal Rezerv Banki ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilning kuzida AQShda uy egasi o‘z daromadining 42 foizini uy-joy xarajatlariga sarflagan. To‘rt yil avval bu ko‘rsatkich 28 foiz edi.
2007-yil oxiridagi uy-joy bozori inqirozdan oldin ham bu foiz 38 foizdan yuqoriga ko‘tarilmagan.
“Ota-onalarimiz bilgan “Amerika orzusi” endi yo’q, - deydi Peterson. – Kollejni tugatib, ish topasiz, uy olasiz, oila qurasiz, men bularning deyarli barchasiga erishdim, faqat uy olishga qurbim yetmayapti”.
Talab taklifdan yuqori
Birinchi marta uy sotib olayotganlarning yoshi kattalashib bormoqda. Ko‘plab amerikalik oilalar moliyaviy sabablarga ko‘ra uy sotib olishni kechiktirishga majbur bo‘lmoqda.
Milliy Rieltorlar assotsiatsiyasining so‘nggi hisobotiga ko‘ra, 2024-yilda birinchi marta uy sotib olganlarning o‘rtacha yoshi 38 yoshni tashkil etdi, bu esa o‘tgan yildagi 35 yoshga nisbatan sezilarli o‘sishdir.
Tarixiy me’yorlarga nisbatan bu ancha yuqori, chunki 1993-yildan 2018-yilgacha birinchi marta uy sotib olganlarning o‘rtacha yoshi 30-32 yosh oralig‘ida bo‘lgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu tendensiyaning asosiy sababi bozorda mavjud uylar soni talabga nisbatan juda kam; bu esa narxlarning ko‘tarilishiga olib kelib, mehnat faoliyatining dastlabki bosqichidagi ko‘plab insonlar uchun uy sotib olish imkoniyatini cheklab qo‘ymoqda.
Natijada uy sotib olish orzusi kechiktirilmoqda va ijarada yashash asosiy tanlovga aylanmoqda.
“Uy narxlarining yuqori sur’atda o‘sishi va foiz to’lovlarining oshishi tufayli, ish haqi oshgan bo‘lsa ham, ko‘pchilik uchun uy sotib olish qiyinlashib bormoqda”, - deydi Atlantaning Jorjiya shtatidagi Atlanta Federal Rezerv Bankida uy-joy bozorini o‘rganuvchi Domonik Purvense.
Ushbu tafovut ko‘plab insonlarni uy-joyli bo’lishdan mahrum qildi, holbuki, uy sotib olish amerikaliklar uchun avlodlarga meros qoldiriladigan yoki kattaroq uy sotib olish uchun foydalaniladigan boylik va kapital yaratishning an’anaviy usuli bo‘lib kelgan.
Shuningdek, bu holat AQShda uy-joy masalasiga oid keng tarqalgan xavotirlarni keltirib chiqarmoqda.
2024-yilda “AP VoteCast” tomonidan 120 000 dan ortiq qatnashuvchi ishtirokida so’rov o’tkazildi. Uning natijasida 45 yoshgacha bo‘lgan saylovchilarning 10 nafaridan 7 tasi uy-joy narxlari bo‘yicha jiddiy xavotirda ekanliklarini bildirgan.
Orzu sarobga aylanmoqdami?
“O’z uy-joyiga ega bo’lish har bir amerikalikning maqsadidir”, - deydi Jorjtaun universitetining sotsiologiya professori Brayan Makkeyb o’z talabalariga.
Makkeybning ta’kidlashicha, uyga egalik qilish, agar uy egasi uzoq muddat bir joyda yashashni rejalashtirsa, boylik yaratish vositasi sifatida ko‘pchilik uchun to‘g‘ri tanlovdir.
Biroq, u shuningdek, ko‘plab odamlar uyga egalik qilmaslikning afzalliklarini ham anglab yetayotganini qayd etdi.
Uy egaligi moliyaviy barqarorlik va boylik yaratishda muhim rol o‘ynasa-da, ko‘chish erkinligi va qimmat hududlarda yashash imkoniyati kabi afzalliklar tufayli ijarada yashash ham ko‘plab amerikaliklar uchun maqbul tanlovga aylanmoqda.
Makkeybning aytishicha, milleniallarning turmush tarzi va ish imkoniyatlariga bo‘lgan zamonaviy yondashuvi uy-joy egaligi haqidagi an’anaviy qarashlarni o‘zgartirmoqda. Erkinlik, shaharlardagi hayot va masofaviy ish imkoniyatlari uyga egalik qilishdan ko‘ra ko‘proq qadrlanmoqda; bu esa Amerika orzusining yangi talqinini shakllantirishi mumkin.
“O’z uyiga ega bo’lish orzusi so‘na boshladimi?- Deydi Makkeyb. – Bu juda qiziqarli madaniy belgi – nega ko‘pchilik uchun uyga egalik qilish eng oliy marrani anglatadi?”
Bu savol Petersonni ham ko’p o’ylantiradi. Chunki o’zi yashaydigan hududdagi uch xonali uy uning oilasini shu “uyga qaram” qilib qo’yadi, ya’ni uyning to’lovi oilaning boshqa ehtiyojlari va turmush sifatidan voz kechishga majbur qiladi.
“Ilgari men uy sotib olish — erishish kerak bo‘lgan tabiiy bosqich deb o‘ylardim, — dedi Petersen. – Lekin faqat uy egalik qilish va kapital yig‘ish uchun nimadan voz kechishim kerak? Men farzandlarim bilan sayohat qilishni xohlayman. Ularni qo‘shimcha mashg‘ulotlarga yozdirmoqchiman. Agar ipoteka to‘lovi umumiy daromadimizning katta qismini tashkil etsa, bularni qanday amalga oshiramiz?”
“Kelajakda agar daromadimga mos keladigan va bolalarim uchun yaxshi sharoitga ega bo’lgan uy uchrasa albatta sotib olaman”, - deydi Peterson.
Uy olishda yordam beradigan shahar dasturlari bor
Ba'zi shaharlar birinchi marta uy sotib oluvchilarga yordam ko'rsatadi.
Butun umrini Boston shahrida o‘tkazgan 63 yoshli Juliyeta Lopes o‘nlab yillar davomida uy sotib olishga umid qilgan, biroq uy narxlari tobora qimmatlashib, uning imkoniyatlari yetishmay qolgan.
“Boston shahridagi uy narxlari tobora oshib bormoqda”, - dedi avtoturargoh qoidabuzarliklari uchun jarimalar yozish bilan shug‘ullanuvchi Juliyeta Lopes.
Ikki yil oldin, yillik daromadi taxminan $60 000 bo‘lgan Julieta Lopes subsidiyalangan kvartirasining oylik ijara haqi $2900 ga oshirilayotganini bilib g‘azablandi. Shundan so‘ng u birinchi marta uy sotib oluvchilarga yordam beradigan hukumat dasturlarini qidirishni boshladi.
Lopes nihoyat o‘z uyiga ega bo‘lishga qat’iy qaror qilgan edi.
Bir necha oy ichida Lopes o‘z maqsadiga erisha oldi.
U Massachusets shtatidagi "Arzon Uy-Egalik Alyansi nomli notijorat tashkilotidan $50 000 va Boston shahrining Uy-joy boshqarmasidan yana $50 000 mablag‘ olish huquqiga ega bo‘ldi.
Ushbu mablag‘lar Lopesga $430,000 qiymatidagi ikki xonali kondo uchun dastlabki to‘lovni amalga oshirishda yordam berdi.
Hozirda Lopes ushbu uyni 30 yoshli o‘g‘li bilan birga baham ko‘radi va oylik ipoteka to‘lovlari uchun taxminan $2160 to‘laydi.
Boston meri Mishel Vu 2021-yilda lavozimga kirishganidan beri, shahar uy-joy egaligi dasturlariga $24 milliondan ortiq mablag’ ajratgan.
Ushbu dasturlar orqali deyarli 700 nafar shahar aholisi o‘zining birinchi uyiga ega bo‘lishga erishdi.
Uzoq yillar davomida telekommunikatsiya, sog‘liqni saqlash va elektronika kabi sohalarda ishlagan Lopez nihoyat o‘z uyiga ega bo‘lgani bilan faxrlanadi.
“Men o’z uyiumga ega bo’lishga loyiqman”, - deydi Lopez.