Breaking News

2025-yilda dunyoni qanday global xavf-xatarlar kutmoqda?


“Eurasia Group” konsalting kompaniyasi prezidenti va asoschisi Ian Bremmer “Amerika Ovozi”ning Rus xizmati uchun bergan eksklyuziv intervyusida yaqinda e’lon qilgan, 2025-yilda dunyo duch kelishi mumkin bo‘lgan asosiy xatarlar haqidagi tahliliy hisobotini izohlab berdi.

Quyida Ian Bremmer bilan bo’lgan suhbatning qisqartirilgan shakli havola qilinadi:

Amerika Ovozi: Tramp va Putin o’rtasida Ukraina tinchligi uchun xizmat qiluvchi ijobiy shaxsiy munosabatlarni o‘rnatish imkoniyati bormi?

Ian Bremmer: Birinchi qarashda bunday imkoniyat kamroq. Avvalo, Zelenskiyning so‘nggi oylarda Trampning e’tiborini va qo‘llab-quvvatlashini qozonishga astoydil harakat qilib, ulkan ishlarni amalga oshirganini hamda bunga muvaffaq bo‘lganini ta’kidlash kerak.

Zelenskiy o‘z nutq uslubini butunlay o‘zgartirdi. U doimo Tramp bilan ishlashga bo‘lgan katta istagi haqida gapirib, Trampning Ukrainada tinchlikka erishishga qodir yagona shaxs ekanini ta’kidladi. U juda faol pozitsiyani egallab, Trampga nisbatan katta hurmat ko‘rsatmoqda. Men bunday qila olmasdim, lekin men siyosatchi emasman.

Bu Zelenskiyning shaxsiy qarori bo‘lib, uning yetakchilik fazilatlarini, shuningdek, hozirda zaiflashib qolgan mamlakatiga yordam berish istagi va imkoniyati borligini namoyon etadi.

Ammo shuni ham unutmaslik kerakki, Tramp Zelenskiyni “a’lo darajadagi kelishuv ustasi, istalgan narsani sotishga qodir inson” deb atab, “Xo‘sh, nega biz bu kabi insonga pul sarflashda davom etishimiz kerak?” degan edi.

Yaqinda Tramp Zelenskiyga Ukrainadagi muhim foydali qazilmalar evaziga qo’shimcha harbiy yordam taklif qildi. Ammo Germaniya bu taklifni “dahshatli” deb atab, Trampni “faqat o’z manfaaatini o’ylash”da aybladi. Zelenskiy esa Trampga: “Bu huda ajoyib g’oya, uchrashib uni muhokama qilaylik”, - dedi.

Agar men Germaniya kansleri o‘rnida bo‘lganimda, Trampning so‘zlari va uning taklifini indamay qabul qilgan bo‘lardim.

Germaniya kansleri ushbu vaziyatda o‘z siyosiy reytingini oshirishga urinmasligi kerak, biroq u Trampga nisbatan juda g‘azabda, chunki Ilon Mask ochiqchasiga unga (Sholtsga) qarshi fikr bildirmoqda va Germaniyaning konservativ partiyasi — "Germaniya uchun muqobil" (AfD) partiyasini qo‘llab-quvvatlamoqda.

O’z ta’sirini yo‘qotayotgan Germaniya kansleri g‘azablanmoqda, o‘zini kamroq himoyalangandek his qilmoqda. Rostini aytganda, o‘z mamlakatini Zelenskiy Ukrainani boshqarayotganidan ham yomon boshqarmoqda hamda o‘z davlatining milliy manfaatlarini yomonroq himoya qilmoqda.

Putin esa umuman boshqa masala. Bilamizki, Trampni yoqtirmaydiganlarning barchasi tez-tez “Tramp Putinning cho‘ntagida” degan gapni aytishni yaxshi ko‘radi.

Biroq, buni tasdiqlovchi hech qanday dalil yo‘q, aksincha, bizda buning teskarisini ko‘rsatuvchi ko‘plab dalillar mavjud.

Agar Trampning birinchi prezidentlik muddatini eslasak, aynan uning ma’muriyati Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirgan edi.

Bundan tashqari, Tramp ma’muriyati Ukrainaga tankka qarshi “Javelin” raketalarini taqdim etdi, holbuki Obama bunday yordamni juda xavfli, haddan tashqari tavakkalchilik va Putinni g‘azablantirishi mumkin deb hisoblagani uchun rad etgan edi.

Shuningdek, aminmanki, Putinning diktator ekani Trampni hech qanday tarzda bezovta qilmaydi.

Tramp diktatorlar bilan, hattoki Kim Chen In kabi do‘stona bo‘lmagan rahbarlar bilan ham muloqot qilishda hech qanday uyatli jihat ko‘rmaydi.

Bayden va Obama esa bunday harakatni yomon ohangda qabul qilishi, Amerika manfaatlariga zid deb hisoblashi mumkin edi.

Tramp hatto Putinga boshqa yetakchilar tomonidan ko‘rsatilmayotgan, Putinning o‘zi muhim deb biladigan, ramziy hurmatni izhor qilishga ham tayyor.

Shu bilan birga, Tramp Ukraina va Zelenskiy bilan bog‘liq vaziyatda uning qo‘lida ko‘proq ta’sir vositalari mavjudligini tushunadi.

U ushbu vositalardan o‘t ochishni to‘xtatish va ehtimol tinchlik shartnomasini imzolashga erishish uchun foydalanishi mumkin.

Putin bilan esa Trampda bunday kuchli ta’sir vositalari yo‘q. Bu yerda Tramp “tazyiq va imtiyozlar” siyosatini birgalikda qo‘llashi kerak.

Putinni muzokaralarga undash uchun unga Xitoyning yordami ham kerak bo‘lishi mumkin.

Tramp bu masalani ochiq bayonotlarida ham, Xitoy raisi Si Szinpin bilan xususiy suhbatlarida ham bir necha bor ta’kidlagan.

Agar vaziyatga Putinning nuqtai nazaridan qarasak, Trampning yevropaliklarga mudofaa xarajatlarini YIMning 2 foizigacha, keyin esa 3, 4, hatto 5 foizigacha oshirish uchun kuchli bosim o‘tkazayotganini ko‘rish mumkin.

Biroq, bu Putin uchun mutlaqo kerak emas. U aksini – NATOning zaif bo‘lishini, yevropaliklar mudofaa uchun kamroq mablag‘ sarflashini va Yevropada ichki nizo va bo‘linishlar yuzaga kelishini istaydi.

Agar Tramp Yevropa Ittifoqida bo‘linish keltirib chiqarsa, Putin bundan juda mamnun bo‘ladi.

Agar Tramp yevropaliklarni mudofaa sohasiga ko‘proq mablag‘ sarflashga, Ukraina uchun ko‘proq yordam ko‘rsatishga ishontira olsa (hozirda voqealar aynan shu yo‘nalishda rivojlanmoqda) unda bu Putinning foydasiga bo‘lishi aniq emas.

Amerika Ovozi: Sizning 2025-yil uchun xavflar tahlilingizda Rossiya beshinchi o‘rinni egallagan. O‘tgan yilga nisbatan umumiy xavf darajasi kamaygan. Bu nima bilan bog‘liq?

Ian Bremmer: Keling, xavf omillari tartibini esga olaylik. Birinchi omil — bu xavf ehtimolligi, ikkinchi omil — bu muqarrarlik (qochib bo‘lmaslik), uchinchi omil — bu xavf oqibatlari.

Ammo shuni unutmaslik kerakki, ushbu xavf omillari faqat yaqin o‘n ikki oy (12 oy) kontekstida ko‘rib chiqiladi, faqat shu davr ichida!

2024-yildan 2025-yilgacha, global xavf fonida sezilarli yomonlashuv kuzatildi. Boshqacha aytganda, xavfning mavjud darajasida qolish uchun ham hech narsa qilmaslik yetarli emas, xavflarga qarshi kurashish samaradorligini oshirish zarur.

Shu bilan birga, Rossiya va Ukraina xavflarga qarshi choralarni kuchaytirishga qaratilgan harakatlarni oshirmadi.

Birinchidan, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushda o‘t ochishni to‘xtatish ehtimoli katta.

Bunga sabab amerikaliklar va yevropaliklar ham Rossiyaga, ham Ukrainaga kuchli bosim o‘tkazmoqda. Ular mojaroni to‘xtatish va o‘t ochishni to‘xtatish rejimini o‘rnatishni xohlamoqda.

Hozircha Ukraina hududidagi jangovar harakatlar intensivligi olti oydan keyin o‘tgan yilga nisbatan kamayadi, deb aniq aytib bo‘lmaydi.

Chunki Rossiya ham, Ukraina ham muzokaralar boshlanishidan oldin o‘z pozitsiyalarini mustahkamlashga harakat qiladi; bu esa qisqa muddatda xavf omillarining oshishiga olib kelishi mumkin.

Bu ularning o‘zaro munosabatlarini tuzatmaydi. Shuningdek, Rossiyaning Ruminiya, Boltiqbo‘yi davlatlari, Polsha va Shimoliy Yevropa mamlakatlari kabi hududlarda assimetrik urush olib borishda davom etishi ehtimoldan xoli emas. Ko‘rinib turibdiki, Moskva diversiyalar, yong‘inlar chiqishiga sabab bo‘lish va hattoki suiqasdlar uyushtirish kabi harakatlarga katta mablag‘ sarflashdan tap tortmayapti.

Ular, shuningdek, muhim infratuzilmaga, jumladan, optik tolali kabellarni ishdan chiqarish orqali hujum qilmoqda.

Shu sababli, Rossiyadan kelayotgan xavflar borasida hech kim o‘zini xotirjam his qilmasligi kerak, chunki bu xavflar global va mintaqaviy barqarorlikka tahdid soladi.

Biroq mazkur xavflar Ukrainaga kamroq taalluqli bo‘lishi mumkin.

Agar esingizda bo‘lsa, o‘tgan yili xavf asosan Ukrainaning bo‘linishi bilan bog‘liq edi va afsuski, biz shu yo‘nalishda harakat qilmoqdamiz. Joriy yilda esa xavf ko‘proq Rossiya bilan bog‘liq, ammo u Ukrainaga unchalik taalluqli emas.

Amerika Ovozi: Sizningcha, joriy yilda Ukraina yangiliklarda kamroq tilga olinadimi?

Allaqachon shunday bo’lmoqda ham. Masalan, so‘nggi oylarda e’tiborning asosiy yo‘nalishlari G‘azo sektori, Livan va Erondagi vaziyatlar bo’lmoqda. Amerika Qo‘shma Shtatlari ham katta qiziqish markazi bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, AQSh va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar va Xitoyning iqtisodiy qiyinchiliklari ham hozirda diqqat markazda.

Rossiya va Ukraina urushning dastlabki o‘n sakkiz oyi davomida asosiy e’tibor markazida bo‘lgan bo‘lsa-da, hozirda bu pozitsiyadan ancha uzoqlashgan.

Bu holat, shuningdek, eng nufuzli siyosatchilar ushbu masalaga ajratayotgan vaqt miqdoriga ham ta’sir qilmoqda.

Yevropa esa, geografik joylashuvi sababli, hanuzgacha bu masalaga katta e’tibor qaratmoqda.

Agar men Bayden ma’muriyati vakillari bilan doimiy suhbatlarimni yangi ma’muriyat bilan suhbatlarimga taqqoslaydigan bo‘lsam, shuni aytishim mumkinki, urush boshida Rossiya va Ukraina asosiy xavf omili sifatida hukmron mavqega ega edi, hozir esa bu xavf darajasi sezilarli darajada kamaydi.

Ommaviy axborot vositalaridagi sarlavhalarning soni ham bu mavzuga qanchalik resurslar ajratilayotganini ko‘rsatmoqda.

Men bu yerda siyosiy kapital, mavzuni ittifoqchilar va raqiblar bilan muhokama qilish istagi va chuqur diplomatik sa’y-harakatlar, majburiy choralar hamda tiyib turish strategiyalari talab qiladigan masalalarni yo‘naltirish zarurati haqida gapiryapman.

Albatta, bu e’tibor darajasini Sudan yoki Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat bilan taqqoslab bo‘lmaydi, chunki bu hududlar deyarli unutilgan va aslida u yerda nima sodir bo‘layotgani hech kimni unchalik qiziqtirmaydi.

Shunga qaramay, Rossiya va Ukraina masalasiga qaratilayotgan e’tibor ham endi avvalgi darajada emas.

Amerika Ovozi: Xitoyga qaytadigan bo‘lsak, Moskva va Pekin o‘zaro yaqin ittifoqchilik va do‘stlikni e’lon qilmoqda, biroq, siz ularni “hisob-kitob asosidagi hamkorlar” deb ataysiz. Bu hamkorlik qandaydir qo‘shimcha va ehtimol birlashgan xavflarni yuzaga keltiradimi?

Ian Bremmer: Menimcha, ularning hamkorligi vaqt o‘tishi bilan strategik tus olmoqda. Bunday o’ylashimga sabab – Si Zinpin va Putin o‘rtasida juda yaxshi shaxsiy munosabatlar mavjud va siz ilgari ta’kidlaganingizdek, siyosatchilarning shaxsiy aloqalari muhim ahamiyatga ega.

Men muntazam uchrashib turadigan Si Szinpinning katta maslahatchilari bu munosabatlarning yaqinligi Xitoy uchun foydali degan fikrga ancha ehtiyotkorona qaraydi.

Ularning fikricha, Ukrainadagi urush cho‘zilib ketgan va Putinga Pekinga va’da qilgan ishlarini bajarishda ishonish kerak emas

Si Szinpinning maslahatchilari bu vaziyat Xitoyning yevropaliklar bilan munosabatlarini zaiflashtirayotganini ta’kidlaydi, holbuki bu aloqalar ilgari ham mukammal bo‘lmagan.

Ularning fikricha, agar hammasi Xitoyga bog‘liq bo‘lganida, Xitoy bu urushning tezroq tugashini xohlardi. Bundan tashqari, urush tovarlar va boshqa barcha mahsulotlar narxining oshishiga olib kelmoqda

Endi esa Rossiya Shimoliy Koreya bilan mudofaa sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim tuzdi, natijada 11 ming shimoliy koreyalik askar Ukrainada Rossiya tomonida jang qilmoqda.

Xitoy ushbu muzokaralarda ishtirok etmagan va bu haqda keyinroq xabardor bo‘lgan, shuningdek, Xitoy hukumatiga bu holat yoqmagan, ayniqsa, Shimoliy Koreya so‘nggi o‘n yilliklar davomida Xitoy uchun jiddiy tashvish manbai bo‘lib kelayotganini hisobga olganda.

Shimoliy Koreya — bu xalqaro maydonda yakkalanib qolgan davlat bo‘lib, uni doimo tiyib turish va nazorat qilish oson emas.

Hozirgi vaziyatda Rossiya Shimoliy Koreyaga sezilarli ta’sir o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lib qoldi. Bundan tashqari, Rossiya Shimoliy Koreyaning texnik rivojlanishiga yordam bermoqda va kelajakda Shimoliy Koreyaning kuchayishiga zamin yaratmoqda.

Xitoy esa Shimoliy Koreyaning kuchayishidan manfaatdor emas.

Bir necha oy oldin “Foreign Affairs” jurnalida chop etilgan Entoni Blinkenning maqolasini eslaylik. Ushbu maqolada u Rossiya, Shimoliy Koreya, Eron va Xitoy o‘qi haqida yozgan edi.

Ushbu maqola chiqqan paytda men uning pozitsiyasi bilan mutlaqo rozi emas edim. O‘sha vaqtda men amerikaliklar nuqtai nazaridan bu mamlakatlarning barchasini muammoli deb atash mumkin deb o’ylagandim. Biroq Rossiya, Shimoliy Koreya va Eron — bu xalqaro tartibni ag‘darishga urinayotgan xaotik o‘yinchilar deb hisoblayman.

Xitoy AQShning raqibi va muxolifi bo‘lishiga qaramay, global barqarorlikda manfaatdor, chunki bu uning o‘z taraqqiyoti va iqtisodiy farovonligi uchun muhim. Xitoy AQSh iqtisodiyotining barqaror bo‘lishidan ham manfaatdor, chunki ikki davlatning iqtisodiy aloqalari ularning o‘zaro raqobatiga qaramay, bir-biriga bog‘langan.

Rossiyadan farqli o‘laroq, Xitoy Amerikaning muvaffaqiyatsizlikka uchrashini istamaydi, chunki bu uning global iqtisodiy manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin.

Bundan tashqari, Xitoy — Global Janubning asosiy kreditori, Rossiya esa ushbu hududdagi beqarorlikdan foydalanmoqda.

Aynan shu beqarorlik Rossiyaga harakat qilish, siyosiy ta’sirni oshirish va o‘z manfaatlarini ilgari surish imkoniyatini yaratmoqda.

Shu sababli, men Rossiya va Xitoy o‘rtasida uzoq muddatli strategik hamkorlik shakllanib, ular haqiqiy ittifoqchi bo‘lishiga ishonmayman.

Biroq Tramp Xitoyni tiyib turishga urinishda davom etsa, Rossiyaning NATOga qarshi urushi davom etsa, men Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi “hisob-kitob asosidagi hamkorlik” haqiqiy ittifoqqa aylanadigan vaziyatni tasavvur qila olaman.

Hozircha bunday jarayonning aniq belgilari ko‘rinmayapti, ammo bunday senariyni imkonsiz deb hisoblash ham xato bo‘lardi.

Amerika Ovozi: So‘nggi savol — sizning 2025-yil uchun xavf tahlilingizga nimalar kiritilmagan? Biz bilamizki, yaqinda “Qiyomat soati” o‘z ko‘rsatkichini yarim tunga 89 soniya qoldi deb belgiladi. Bu ko‘rsatkich tarixda yadroviy falokatga hech qachon bunchalik yaqin bo‘lmaganini anglatadi. Shunga qaramay, siz o‘z hisobotingizda yadroviy to‘qnashuv tahdidini tilga olmadingiz. Siz bu tahdidni kamroq muqarrar deb hisoblaysizmi?

Ian Bremmer: Ular bizga bu soatni muntazam ravishda ko‘rsatib turadi va ko‘rsatkichlarni ba’zida bir soniyaga, ba’zida esa o‘n soniyaga siljitadi.

Biroq ular bu ko‘rsatkichlarni qanday metodika asosida hisoblashlarini aniq tushuntirishmaydi, shu sababli men har doim bu masalaga biroz ishonchsizlik bilan qaraganman.

Ehtimol, bu foydalidir, chunki obro‘li olimlar guruhi odamlarni bizda ushbu dahshatli yadro quroli borligini va uning sonini kamaytirmayotganimizni eslatib turadi.

Aksincha, Amerika va Rossiya o‘rtasidagi qurollanish poygasini cheklash bo‘yicha bitimlar bekor qilinmoqda.

Xitoyda ham ko‘plab yadroviy qurollar mavjud va Xitoyning AQSh bilan qurollanishni cheklash bo‘yicha hech qanday bitimlari yo‘q.

Bundan tashqari, sun’iy intellekt juda tez rivojlanmoqda.

Men sun’iy intellekt inson imkoniyatlarini oshirish va mahsuldorlikni ko‘tarishda qo‘llanayotganidan xursandman, biroq sun’iy intellekt qurol sifatida ham ishlatilishi mumkin.

Men AQSh va Xitoy o‘rtasida sun’iy intellekt sohasida qurollanish poygasi boshlanishini oldindan ko‘ryapman. Bu jarayon hukumat tomonidan hech qanday cheklovlarsiz kechmoqda.

Shu sababli, men haqiqatdan ham dunyo ancha xavfliroq bo‘lib borayotganiga ishonaman. Bu men uchun uchinchi jahon urushiga yaqinlashayotganimizning belgisi emas.

Birinchidan, amerikaliklar ham, xitoyliklar ham yaqin va o‘rta muddatli istiqbolda o‘z ichki muammolariga e’tibor qaratadi. Ular, asosan, o‘z bozoriga, kapitaliga, sanoat siyosatiga va o‘z mamlakatlaridagi ichki jarayonlarga diqqat qaratadi.

Hozirda Amerika global politsiyachi rolini o‘ynashni va yirik urushlarga aralashishni xohlamayapti. Aynan Tramp bizning Afg‘onistondagi ishtirokimizni yakunlashni xohlagan va buni amalga oshirgan.

Bundan tashqari, u G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishga erishildi — hech bo‘lmaganda hozircha.

Men Kamala Harris prezident bo‘lganida, bunday natijalarga erisha olardi, deb o‘ylamayman. Uning bunday muvaffaqiyatga erishishi ehtimoldan yiroq. Bu holatning o‘zi ham e’tiborga loyiq.

Men, shuningdek, Xitoy ham yaqin kelajakda urush izlamayapti deb o’ylayman. Biroq Tayvan atrofidagi vaziyat uzoq muddatli istiqbolda hanuz savollar uyg‘otmoqda.

Biz Erkinlik va javobsizlik tobora ko‘proq uchrayotgan dunyoda yashayotganimizga ishonaman. Yovuz niyatli kuchlar — xoh davlat hukumatlari, xoh nodavlat o‘yinchilar bo‘lsin — tobora kuchayib bormoqda.

Menimcha, yaqin orada yadro qurollarining tarqalishi sezilarli darajada kuchayadi. Shuningdek, cheklangan ko‘lamdagi mojarolar soni ancha ortadi,

Yaqin besh yil ichida biz biror mamlakatda taktik yadro qurolining qo‘llanilishiga guvoh bo‘lamiz deb o’ylayman.

Hozirgi vaqtda ushbu masalada mening prognozim besh yil avvalgiga qaraganda ancha yuqori.

Ha, dunyo tobora xavfliroq bo‘lib bormoqda va zo‘ravonlik ehtimoli ham ortmoqda. Geosiyosiy nuqtai nazardan, “Katta Nol Dunyo'si” bu ko‘proq mojarolar, qadriyatlarning ko‘proq yemirilishi hukmron bo‘lgan dunyodir.

Biroq, men insoniyat Uchinchi jahon urushi ostonasida turibdi, deb hisoblamayman. Shuning uchun, agar men atom soatlari uchun javobgar bo‘lganimda, joriy yil uchun boshqa prognozlarni tanlagan bo‘lardim.

Amerika Ovozi: Bizning auditoriyamiz uchun “Katta nol dunyo” atamasi nimani anglatishini tushuntirib bera olasizmi? Bu — global yetakchiliksiz dunyo. Shuningdek, siz uni “Jungli hukmronligi” deb ham atagansiz. Menimcha, siz dunyodagi vaziyatga nisbatan, bu sizning hisobotda tilga olingan eng katta xavf bo‘lishiga qaramay, optimistik qarashdasiz.

Ian Bremmer: Bizning boshqa tanlovimiz yo’q. Biz tug‘ilish uchun buyuk ish qilganimiz yo‘q. Hayot — bu favqulodda in’om, shuning uchun optimizm har doim biz bilan bo‘lishi kerak.

XS
SM
MD
LG