Breaking News

Qozog'istondagi biolaboratoriyalar Rossiya matbuotida qanday tasvirlanyapti?


Prezident Donald Trampning Moskva bilan munosabatlarni tiklashga intilishi rus matbuotidagi dezinformatsiyani to’xtatgani yo’q, jumladan AQSh va Markaziy Osiyo munosabatlari yuzasidan ham.

Yaqinda AQSh institutlari bilan hamkorlik qilayotgan Qozog’iston yana harbiy biologik qurollarni sinovdan o’tkazishni maqsad qilganlikda ayblandi.

Avval urushni qo’llab-quvvatlayotgan rus “Telegram” kanallarida paydo bo’lgan bu ma’lumot keyinchalik Rossiya matbuotiga ko’chib o’tdi.

Rossiya matbuoti iddaosicha, Qozog’istonda ham Ukrainadagi kabi AQSh bilan hamkorlikda tashkil qilingan biologik laboratoriyalar faoliyat yuritmoqda, mutaxassislar harbiy biologik qurollar bo’yicha tadqiqotlar o’tkazmoqda.

Rossiya tomonidan Qozog’istonga bildirayotgan bu da’vo yangi emas. Bir necha yillar avval ham Qozog’istonda AQShga qarashli maxfiy laboratoriyalar borligi, ularda kimyoviy, biologik qurollar bo’yicha tadqiqotlar o’tkazilayotgani da’vo qilingan edi.

Qozog’iston haqiqatda yadroviy, biologik xavfsizlikni ta’minlash bo’yicha AQSh bilan hamkorlik qiladi. Bu hamkorlik doirasida Qozog’istonda o’ta xavfli infeksiyalarni o’rganuvchi laboratoriya (Central Reference Laboratory) qurilgan. Nafaqat AQSh, balki Yevropadan ham mutaxassislar jalb qilingan bu markaz asosan tibbiy, biologik tadqiqotlar bilan shug’ullanadi.

Ushbu laboratoriya Sovet Ittifoqi davrida o’tkazilgan ommaviy qirg’in qurollari sinovidan ulkan chiqindilarni meros qoldirgan Qozog’istonga ko’maklashish, ularni zararsizlantirish, biologik xavfsizlikni ta’minlash maqsadida tuzilgan.

AQSh Mudofaa vazirligi tomonidan sobiq ittifoq davlatlariga ko’maklashish uchun ishlab chiqilgan bu loyiha Nann-Lugar dasturi sifatida ma’lum.

Bu dastur doirasida ittifoq davridan qolgan ommaviy qirg’in qurollaridan voz kechgan, yadro sinovlari o’tkazilgan davlatlarga, shuningdek, yadroviy kallaklar sonini qisqartirishga rozilik bergan Rossiyaga ham ko’mak ko’rsatilgan.

Qozog’iston hukumati Rossiya matbuotidagi da’volarga munosabat bildirmagan. Ammo avval mamlakatdagi bu laboratoriyada o’ta xavfli kasalliklar, infeksiyalarga qarshi tadqiqotlar o’tkazilishi, bu markazda boshqa davlatlar, jumladan Markaziy Osiyoning o’zidan ham mutaxassislar treningdan o’tishi bildirilgan edi.

Rossiya matbuotidagi harbiy biologik sinovlarga doir bu galgi ayblovlar Ukraina urushi manzarasida yuzaga chiqmoqda.

Bu iddaolarga ko’ra, urush ichidagi mamlakatda joylashgan laboratoriyalar taqdiridan xavotirga tushgan AQSh diqqatini Markaziy Osiyo, xususan Qozog’istondagi markazlarga qarata boshlagan.

Ammo AQShning Qozog’iston bilan yadroviy xavfsizlik bo’yicha hamkorligi bir necha yillardan buyon mavjud, jamoatchilik bundan muntazam xabardor qilib kelingan.

Kreml doirasidagi siyosatchilar, Rossiya matbuoti so’nggi yillarda, xususan Ukraina urushi manzarasida, Markaziy Osiyoga nisbatan ritorikasini ancha keskinlashtirdi.

Rossiyadagi mehnat muhojirlariga jiddiy bosim boshlandi, ayrim siyosatchilar Qozog’iston, O’zbekiston mustaqilligi, hududiy yaxlitligi shubha ostiga olingan bayonotlar qila boshlashdi.

Buning sabablaridan biri sifatida mintaqa davlatlari Rossiya bilan strategik ittifoqchilik aloqalariga qaramasdan Ukraina urushiga nisbatan betaraf qolishgani, mintaqa jamoatchiligi orasida Ukrainani qo’llab-quvvatlovchilar ko’pligida ko‘riladi.

Ukraina urushini kuzatib kelayotgan qozog’istonlik faollar qozoqlarning aksariyati Ukraina tomonida ekanligini, Rossiyadagi jamoatchilik bundan g’azabda ekanligini aytishadi.

“Qozog’iston shimolidagi kichik guruhlar hisobga olinmasa, qozoqlarning hammasi Ukraina tomonida. Rossiya hukumati, jamoatchiligi buni yaxshi tushunib turibdi. Shu bois Qozog’istonga nisbatan kayfiyat ancha sovuq, bunga rus matbuoti, ayniqsa Z blogerlarni kuzatib guvoh bo’lish mumkin. Faqat asossiz ayblovlar, kamsitish, millatchilik, imperiyacha kayfiyatdagi chiqishlar. Rus matbuotidagi bu propaganda Moskvaning mintaqaga nisbatan haqiqiy munosabati qanday ekanligini ifoda etadi”, - deydi qozoq faoli Erjan Turg’unboy.

Rossiya Ukrainada urush boshlashi ortidan Moskvaning tashqi dunyo, xususan AQSh bilan bilan aloqalari o’ta keskinlashdi.

AQSh Rossiyaga nisbatan keskin sanksiyalar joriy etdi. Moskvaning “do’st davlatlar” ro’yxatiga kirmagan davlatlarga nisbatan keskin targ’ibot, tashviqot kampaniyasi avjga chiqdi.

AQSh prezidentligiga Donald Tramp kelib, Moskva bilan munosabatlarni tiklash jarayoni ketayotganiga qaramasdan, rus matbuotidagi dezinformatsiya to’xtayotgani kuzatilmaydi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG