Amerika musulmonlari Ramazon oyini falastinlik bolaning qotili aybdor topilgan sanada boshladi. XAMASning Isroilga hujumi ortidan yuz bergan bu qotillik islomofobiya va nafratga asoslangan jinoyat deb topildi.
73 yoshli Jozef Syuba o’z uyida ijarada turgan olti yashar falastinlik Vadi Alfayumini pichoqlab o’ldirib, uning onasi Hanan Shahinni og’ir yaralagan, ularni “kalamushlar” deb atagan edi.
“Mamnun yoki xafa bo’lishni, yig’lash yo kulishni bilmayaman”, -deydi qurbonning otasi.
Uday Alfayumi o’g’lining qotiliga hukm kechikayotganini aytadi.
“O’g’lidan ayrilgan otaman. Nazarimda, hukm kechikmoqda”, - deydi u.
Amina Barhumiy sentabr oyida AQSh Senatida qabul qilingan “Vadi rezolyutsiyasi”ni tayyorlashga hissa qo’shgan Musulmon fuqarolar koalitsiyasi vakili.
Rezolyutsiyada Vadining o’ldirilishi falastinlik musulmonlarga nafrat asosidagi jinoyat deb topilgan. Qotillik 2023-yil XAMASning Isroilga hujumidan bir hafta o’tib yuz bergan. Yaqin Sharqda boshlangan urush okean ortidagi munosabatlarga ham soya solgan edi.
Vadi rezolyutsiyasida “AQSh nafratga asoslangan jinoyat, islomofobiya, antisemitizm, falastinliklar va arablarga qarshi diskriminatsiyaga toqat qilmasligi” ta’kidlanadi.
“Vadi so’nggi qurbon bo’lib qolishi uchun nima qilayapmiz degan savol dolzarb”, - deydi Barhumiy.
“Jozef qotillik paytida “Musulmonlarga o’lim” deb baqirgan”, - deydi Ahmad Rihab.
Amerika-Islom aloqalari kengashining Chikagodagi idorasi ijrochi direktori Rihab sudda Uday Alfayumiga tarjimonlik qildi, tashqarida namozni boshqardi.
“Olti yoshli bog’cha bolasi va uning onasiga qilingan hujum yaqin o’tmishdagi eng dahshatli jinoyatlardan. Eshitganingizday, bola 26 marta pichoqlangan. Manzara dahshatini his qilayapsizmi? Ota-ona jinoyat dalillaridan faryod chekmoqda. Ularga dalda bo’layapmiz”, - deydi Rihab.
Illinoys AQShda eng ko’p musulmonlar yashaydigan shtatlardan biri sanaladi. Aksariyat falastinliklar Chikago shahri tevaragida istiqomat qiladi. Shaharning Bridjvyu hududi esa “Kichik Falastin” nomini olgan.
“Arab yoki falastinlik ota-onalar, asli misrlik musulmon AQSh fuqarosi men ham Vadi Alfayumi o’rnida o’z farzandimizni tasavvur qildik. Qurbon har birimizning bolamiz bo’lishi mumkin edi”, - deydi Rihab.
Uning aytishicha, ayni damda Chikago tevaragidagi bolalar xiyobonida Vadi xotirasiga maxsus yodgorlik o’rnatish rejasi ustida ish ketmoqda.
Jozef Syubaga yakuniy hukm 2-may kuni o’qiladi.