Breaking News

Ukraina Putin urushni tugatmoqchi ekaniga ishonmayapti


Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Kreml Ukrainada yevropalik tinchlikparvar kuchlarning joylashtirilishiga qat’iyan qarshi ekanini aytadi.

Xalqaro hayot - 6-mart, 2025-yil - Rossiya Ukrainada urushni tugatmoqchimi yoki davom ettirmoqchi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:13:47 0:00

AQSh Ukrainaga harbiy yordamni to’xtatishi va razvedka ma’lumotlarini ulashishni bas qilishi ketidan Yevropa mamlakatlari va xususan Britaniya va Fransiya Ukrainani qo’llab-quvvatlashda tashabbusni o’z qo’liga olmoqda.

“Tramp hamma narsani tushunadi. Kelishuv haqida gapirishga hali erta dedi. Mavzuni muhokama qilish mumkin, biroq hammaning roziligini olish kerak. Tramp o’zini to’g’ri tutyapti. Ammo Yevropadagi bu odamlar Ukrainaga tinchlikparvar kuchlarini kiritish haqidagi rejalari bilan Kiyev rejimini bizga qarshi urushni davom ettirishga gijgijlayapti”, - deydi Lavrov.

G’arbdagi ayrim tahlilchilar taklif etilayotgan tinchlik rejasidan Kreml foyda ko’rishini aytadi.

“Moskva o’z shartlari asosida tinchlikka erishmoqchi. Nazarimda bunday tinchlik Rossiyaga Ukrainani nazorat qilishdan iborat maqsadlarini amalga oshirishda imkon beradi. Biroq Rossiya talqinidagi tinchlik rejasini mustaqil bo’lishni xohlayotgan Ukraina, mamlakatlar o’z taqdirini o’zlari hal qilishi kerak deb kelayotgan Yevropa hazm qila olmaydi”, - deydi tahlilchi Jeykob Kaarsbo.

Ayrim ekspertlar Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tinchlikka tayyor emasligini aytadi.

“Putin urushni tugatishga chanqoq ekanini namoyish etgani yo’q. Rus qo’shinlari sharqda olg’a siljimoqda. Putin Ukrainadan farqli o’laroq holdan toydirishga qaratilgan urushni cho’zishdan manfaatdor ekanini his qilayotgan bo’lishi mumkin”, - deydi Nyu-Yorkdagi Global masalalar instituti eksperti Lukas Robinson.

Rossiyaliklar Zelenskiy diplomatiyani tanlamasa, urushni davom ettirish to’g’ri bo’lishini aytadi.

“Muzokaralarda Rossiya foydasi hisobga olinishi kerak, chunki voqelik shuki, biz jang maydonida g’alaba qozonyapmiz”, - deydi moskvaliklardan biri.

“Nazarimda, armiyamiz olg’a yurishi kerak”, - deydi uni hamshahri.

Makron Ukraina xaloskorimi?

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Ratklif Ukrainaga razvedka ma’lumotlarini ulashish to’xtatilganini tasdiqladi. Kuzatuvchilar buni Zelenskiyni Tramp shartlariga ko’nishga majburlovchi bosim vositasi sifatida ko’rmoqda.

Zelenskiy Ukraina nodir yer minerallarini AQShga topshirish bo’yicha shartnomani imzolashga tayyor ekanini bildirmoqda, Tramp bilan yana uchrashishga umid qilmoqda.

AQSh yordamni to’xtatishi ketidan Ukrainaning asosiy madadkori rolini egallashga intilayotgan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron chorshanba kuni xalqiga murojaat qilib, Rossiyani mamlakatiga tahdid deb atadi, Fransiya qurolli kuchlarining qudratli ekanini aytib, yadro qurollari bilan Yevropani himoya qilishga tayyor ekanini bildirdi.

Makron Rossiyaga ishonib bo’lmasligini aytarkan, uni Minsk kelishuvlarini buzganlikda aybladi. Biroq 2022-yilda Germaniya sobiq kansleri Angela Merkel Germaniya va Fransiya Ukrainaga kuch yig’ishga vaqt berish uchun Minsk kelishuvlarini imzolashga majbur bo’lganini tan olgan.

Lavrov Makronning chiqishini qoralab, uning gaplarini Rossiyaga tahdid deb baholadi, Makronni esa Rossiyani mag’lub qilmoqchi bo’lgan Gitler va Napoleonga qiyoslab, ularning taqdirini eslatdi.

Kelasi hafta Makron Yevropa davlatlarining harbiy shtablari boshliqlarini Parijda to’plab, Yevropa mudofaasi haqida gaplashmoqchi.

Payshanba kuni esa Fransiya rahbari Bryusselda Zelenskiy bilan uchrashdi. Yevropa Ittifoqiga a’zo rahbarlar majlisida Ukraina va Yevropa mudofaasi muhokama etildi.

Ukrainalik harbiylar NATO zaifligiga ishora qilmoqda

Ukraina armiyasida jangovar dronlar bilan shug’ullanuvchi qism qo’mondoni polkovnik Vadim Suxarevskiyning aytishicha, Rossiya-Ukraina urushi NATO qurolli kuchlarining kamchiligini namoyon qildi. Unga ko’ra, NATO zamonaviy dronlar urushiga tayyor emas.

“Ukraina qurolli kuchlari urushning bunday usulini o’rganish uchun uch yil jang qildi. NATOdagi birorta armiya esa dronlar hujumini qaytarishga tayyor emas”, - deydi polkovnik.

Unga ko’ra, avval razvedkachi dronlar dushman joylashuvini aniqlaydi, so’ng jangovar dronlar o’sha joylarni nishonga oladi.

"Agar dronlarimiz bo’lmaganida edi, ahvolimiz ancha yomon bo’lardi. Dronlar bizga hujumga o’tgan, o’z askarlari hayotini ayamaydigan kuchliroq dushmanga nomutanosib javob berishga imkon beradi”, - deydi Suxarevskiy.

Dronlar ularni urib tushiruchi raketalarga qaraganda kamida 10 baravar arzondir. Suxarevskiy bundan keyin mojarolarda dronlarga katta urg’u berilishini aytadi.

Rossiya ham Ukrainaga o’nlab dronlar bilan muntazam ravishda zarba berib turadi. Xususan tunda Krivoy Rog shahridagi mehmonxonaga hujumda Ukraina amerikalik va britaniyalik ko’ngillilar nishonga olinganini, to’rt kishi nobud bo’lganini ma’lum qildi. Biroq rus manbalari aslida xorijlik yollanma jangchilar va instruktorlar o’lganini, talafotlar rasmiylar ko’rsatganidan ancha kattaroq ekanini da’vo qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG