O’zbekiston hukumati Rossiyada ishlayotgan mehnat muhojirlarini “Yangi Toshkent”ni birgalikda qurishga chaqirmoqda. Bu muhojirlarga nisbatan bosimlar avj olgan Rossiyada mehnat qilayotgan milliondan oshiq o’zbeklarning kichik bir foizi uchungina umidli xabar bo’lishi mumkin.
O’zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi tomonidan tarqatilgan e’londa “Yangi Toshkent” qurilishiga 10 mingga yaqin ishchi kerakligi, bu vatanidan uzoqda ishlayotgan o’zbekistonliklar uchun qulay imkoniyat ekanligi aytiladi.
O’n mingta ish o’rni milliondan oshiq aholisi Rossiyada bo’lgan O’zbekiston uchun ko’p emas, ammo muhojirlar aniq takliflar bilan ortga qaytishga chaqirilayotgani diqqatli ko’rinadi.
Ikki yarim million aholiga mo’ljallanayotgan, 20 ming gektarda qurilishi mo’ljallangan “Yangi Toshkent”ni bunyod etish tashabbusi Prezident Shavkat Mirziyoyevga tegishli.
Prezident “Yangi Toshkent shahrini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini 2023-yilda imzolagan.
Qurilish loyihasi yevropalik muhandislar ishtirokida ishlab chiqilgan. Yangi shahar eskisidan farqli yashil hududlarga boy, ilg’or texnologiyalar tatbiq qilingan zamonaviy shahar ko’rinishi bo’lishi kutilmoqda. Rrejaga ko’ra, aksariyat hukumat idoralari ham “Yangi Toshkent”ga ko’chiriladi.
“Yangi Toshkent” qurilishi munozaralarga sabab bo’lgan, poytaxt ekologiyasiga jiddiy ta’sir qilgan “Tashkent City”dan so’ng amalga oshirilayotgan ikkinchi yirik loyihadir.
Bu loyiha amaliyoti paytida ham Rossiyadagi ayrim o’zbeklar ishga chaqirilgan, qurilish tugashi ortidan ular yana Rossiyaga qaytishgan edi.
Ukraina urushi, Moskvada kuzatilgan terror xurujlari barobarida Rossiyada mehnat muhojirlariga nisbatan bosim siyosiy doirada ham, rus jamoatchiligi orasida ham mislsiz darajada oshdi.
Rossiya parlamenti muhojirlar huquqlarini cheklovchi bir necha qonunlar qabul qildi, Prezident Vladimir Putin tomonidan migrantlar oqimini cheklovchi qator qarorlar imzolandi.
Bu bosimlar fonida Kreml muhojirlarga nisbatan siyosatini qayta ko’rib chiqayotgani kuzatiladi. Diqqat rus dunyosi qadriyatlarini qabul qiluvchi, Moskva siyosati, tashviqotlarini yoqlovchi muhojirlarga qaratilmoqda.
5-mart kuni Rossiya Ichki ishlar vazirligi kollegiyasi bilan yig’ilish o’tkazgan Putin 2025-yilda migratsiya bo’yicha siyosatning yangilangan tahririni qabul qilishga, asosiy diqqatni noqonuniy migratsiya oqimini kesishga, Rossiya qadriyatlarini hurmat qiluvchi, ulug’lovchi vatandoshlar, chet el fuqarolarini mamlakat iqtisodiga jalb qilish imkoniyatlarini oshirishga chaqirdi.
Rossiyada aksariyati Markaziy Osiyodan bo’lgan muhojirlarga nisbatan mavjud siyosat jiddiy keskinlashishi Ukraina urushi davomida ko’zga tashlandi.
Moskvaning muhojirlar ichida yuritgan tashviqoti, yirik moddiy yordam, qisqa fursatda Rossiya fuqaroligini berish va’dalariga qaramasdan, Ukrainadagi urushga qo‘shilishni istagan, Rossiya armiyasi bilan shartnoma imzolashga tayyor muhojirlar oqimi kuzatilgani yo’q.
Buning ortidan nafaqat ishlagani kelgan muhojirlar, balki bungacha Rossiya fuqarosi bo’lgan mintaqaliklar ham bosim ostida qoldi. Ular armiyada xizmatni o’tash, urushga qatnashish yoki fuqarolikni topshirish tanlovi qarshisida qoldirildi.
Tazyiqlar Rossiyadagi muhojirlar huquqini himoya qilib kelgan, urush targ’ibotiga qarshi chiqqan faollarni ham chetlab o’tmadi. Ularning ko’plari Rossiyadan chiqib ketdi, ayrimlari qamoqqa tashlandi.
Rossiyada rus armiyasini tahqirlashda ayblanib qamoqqa tashlangan, Rossiyadagi o’zbeklar jamiyati rahbari Usmon Baratov shulardan biri. Asli o’zbekistonlik, keyinchalik Rossiya fuqaroligini olgan Baratov urushga qarshi chiqishlari uchun hamon qamoq jazosini o’tayapti.
Baratov Rossiya hukumatining migratsiya siyosatini, rus millatchilarini, shuningdek, Rossiyadagi fuqarolarini himoya qila olmayotgan O’zbekiston hukumatini tanqidga tutib kelayotgan faollardan edi.
Rossiyada esa muhojirlarga, xususan, Rossiya qadriyatlariga yot bo’lgan muhojirlarga nisbatan bosimlar to’xtayotgani yo’q. Yaqinda Vologodskiy viloyati gubernatori muhojirlarni qurilish sohasiga jalb etishni taqiqlovchi qaror qabul qildi.
Bu ishchi kuchi asosiy muammolaridan bo’lgan Rossiyaning o’zida ham munozaraga sabab bo’ldi. Gubernator qarorini bekor qilishga majbur qolganiga doir xabarlar bor. Ammo qaror qabul qilinishining o’zi muhojirlarga munosabatni aks ettiruvchi ishora o’laroq ko’riladi.
Rossiyada faqat chorasizlikdan ishlash mumkin, deydi Moskva viloyatidagi qurilishda ishlab, hozir Turkiyaga chiqib ketgan o’zbekistonlik muhojir Farhod Nazarov.
“Rossiyada muhojirlar hech kim, odam o’rnida emas. Azaldan shunday, O’zbekiston Yevrosiyo ittifoqiga kiradimi, kirmaydimi, bu ahamiyatsiz. Rossiyada siyosatning o’zi shu - muhojirlarga qarshi. Aksariyat qurilishda ishlaydi, o’sha joyda yashaydi, ko’chaga chiqmaydi. Shunda ham politsiyadan qutulmaysan. Odamlar faqat chorasizlikda Rossiyada ishlashi mumkin, men ko’pga chidamadim, chiqib ketdim”, - deydi u.
O’zbekiston hukumati mehnat muhojirlari huquqi bo’yicha Rossiya bilan muntazam muloqot mavjudligi, o’zaro hamkorlik yo’lga qo’yilganini bildirib keladi.