Tramp ichki siyosati BMTda xalqaro tus olmoqda

  • Amerika Ovozi

Tramp ma'muriyati BMT doirasidagi xalqaro kunlarni endilikda yoqlamayapti. Bu sanalar keraksiz, deydi AQSh rasmiylari.

AQSh hukumatining BMT minbarida bayon etishicha, u endilikda tashkilotning asosiy yo'nalishlarini avtomatik ravishda quvvatlamaydi, jumladan taraqqiyot dasturlari va global miqyosda qashshoqlikka qarshi kurash kabi ishlarni.

"Shu bois AQSh 2030-yilgacha ko'zlangan maqsadlarni o'z kun tartibidan olib tashladi", - deydi Vashingtonning BMTdagi vakili Edvard Hitni BMT Bosh Assambleyasida so'zlar ekan.

Amerika bu organda shu kunlarda ovozga qo'yilgan rezolyutsiyaga, xususan tinchlik va adolatni targ'ib qiluvchi tashabbuslarga qarshi ovoz bergan. Hujjatda hukumatlar shaffof va samarali dasturlar olib borishga chaqiriladi.

Bosh Assambleya rezolyutsiyalari yuridik kuchga ega emas

Xitni deydiki, Tramp ma'muriyatining butun diqqati Amerika manfaatlarini himoya qilishda.

“Oddiy qilib aytadigan bo'lsak, globalist maqsadlarni saylovchilarimiz yoqlamagan", - deydi Vashington vakili.

Tinchlikparvarlik haqidagi rezolyutsiyani 162 davlat quvvatlagan, ammo AQSh, Isroil va Argentina qarshi ovoz bergan.

Bosh Assambleyaga ko'ra, xalqaro kunlar sifatida belgilanadigan bayramlar jahon bo'ylab insonparvarlik va barqarorlik urug'ini sochadi.

Masalan, Xalqaro xotin-qizlar kuni, Dunyo atrof-muhit kuni, Xalqaro ona tili kuni va Qand kasaliga qarshi xalqaro kurash kuni kabi sanalar yer yuzi aholisini ogohlikka va mehr-muruvvatga undaydi.

Prezident Tramp azaldan BMTni samarasizlikda tanqid qilib keladi

4-mart kuni Bosh Assambleyada Xalqaro umid kuni va Xalqaro adliya ravnaqi kunini belgilash takliflari ovozga qo'yilganida AQSh salbiy munosabat bildirgan.

Xitni deydiki, Vashington tinchlik va murosa tarafdori, ammo global miqyosda buncha bayram va tadbirlarga hojat yo'q.

Tramp ma'muriyati ichki siyosatda ham madaniy, irqiy, jinsiy va diniy xilma-xillikka asoslangan yondashuvga qarshi. Chunki, deydi rasmiylar, ularga haddan tashqari berilib ketish diskriminatsiyaga yetaklaydi va odamlarga irq, din va etnik kelib chiqishdan "siyosiy qurol" sifatida foydalanish uchun zamin yaratadi.

Prezident Donald Tramp farmoni bilan davlat idoralarida bunday yondashuv doirasida yo'lga qo'yilgan tashabbuslar va markazlar bekor qilingan.

BMT Xavfsizlik kengashi, Nyu-York, 24-fevral, 2025

Vashington "Demokratiya uchun ta'lum" singari dasturlarni ham keraksiz deb hisoblaydi. Tramp ma'muriyatiga ko'ra, bunday bilim maktab va universitetlarda allaqachon beriladi, alohida programmalar o'rinsiz, mablag'ni isrof qiliadi.

Bosh Assambleyaning ko'plab a'zolari nazarida esa dunyoda tengsizlik, tafovut ayniqsa ta'limda keng. Raqamli texnologiyadan unumli foydalanish, yuqumli kasalliklarning oldini olish, inson huquqlarini e'zozlash va adolat ta'minoti uchun BMT muayyan dasturlar bilan chiqib, ularni jahon miqyosida olib borishi foydalidir.

24-fevral kuni Vashington Bosh Assambleyada Ukrainani quvvatlovchi rezolyutsiyaga qarshi ovoz bergan edi. Oq uy uchun hozirgi eng muhim vazifa, deydi AQSh diplomatlari, Rossiya va Ukrainani muzokara stoliga olib kelish va sulhga erishish.

Assambleya rezolyutsiyalariga yuridik kuchga ega emasligi uchun Tramp ma'muriyati ularga jiddiy qaramaydi, deydi tanqidchilar, ammo Vashingtonga ko'ra, gap ko'zlanayotgan maqsad qanchalik konkret ekanida va manfaatlarda.