Breaking News

Tramp Kanada, Meksika va Xitoy tovarlariga tarif joriy qildi


Prezident Donald Tramp AQShning uch yirik savdo hamkori - Meksika, Kanada va Xitoy mahsulotlariga tariflar joriy etdi. Bu davlatlarning, deydi u, AQShga fentail kabi giyohvand moddalar kirib kelishida va noqonuniy immigratsiyada roli bor.

Tramp 1-fevral kuni imzolagan farmonga ko'ra, amerikalik importyorlar Kanada va Meksikadan olib kelayotgan tovarlarga 25 foizlik, Xitoydan kelayotgan mahsulotlarga 10 foizlik tarif to'laydi. Kanada neftiga esa 10 foizlik tarif belgilandi.

Oq uyga ko'ra, bu davlatlar AQShga qarshi javob choralarini ko'radigan bo'lsa, stavkalarni yanada oshirish mexanizmi ham ishlab chiqilgan.

Trampning aytishicha, tariflar Kanada, Meksika va Xitoyni AQSh tomon fentanil oqimini to'xtatishga majburlaydi, shuningdek, u bunday chora AQSh iqtisodiyotini rivojlantirishini aytmoqda. Tadbirkorlar va xaridorlar tariflarning narx-navoga ta'siridan xavotirda.

Bu uch davlatdan AQSh har yili jami 1 trillion dollardan oshiq mahsulot sotib oladi. Iqtisodchilar deydiki, tariflar qator tovarlar, jumladan, avtomobillar, elektronika, oziq-ovqat va yog'och narxi oshishiga olib keladi.

Tramp xalqaro savdo hamkorlarini adolatsizlikda ayblarkan, bunga qarshi kurashish uchun mamlakatining butun iqtisodiy qudratini ishga solishini aytmoqda.

“Tariflar mamlakatimizni boyitadi”, - deydi u.

Tramp noqonuniy immigratsiya va qoradori savdosiga qarshi kurashishdan yoki AQSh bilan savdo nomutanosibligini tushirishdan bosh tortgan mamlakatlarni tariflar bilan jazolashga ko'p marta do’q-po’pisa qilgan. Iqtisodchilar bunday choralar Tramp kutgan natijaga olib kelishiga shubha bildirmoqda.

“Xarajatlarning katta qismini boshqa mamlakatlar bo’yniga qo’yuvchi tarif strategiyasini amalga oshirsa bo’ladi,”, - deydi Texas universitetining professori Jeyms Gelbres.

Iqtisodchi fikricha, Tramp nazarda tutgan tariflar AQSh sanoatini jonlantirishi, ish o’rinlarini ko’paytirishi mumkin. Ya’ni xorijda ishlangan mahsulotlarni import qilish qimmatga tushsa, tadbirkorlar ichki ishlab chiqarishni kuchaytirishga diqqat qaratishi mumkin. Biroq Gelbresning ayrim hamkasblari tariflar iqtisodiy istiqbolni susaytirishini aytadi.

“Uzoq muddatda tariflar mavhumlikka yetaklaydi. Biznes nuqtai nazaridan, hech bir biznes egasi hozir yoki kelajakda tariflarga duch kelishi mumkin bo’lgan mamlakatga sarmoya kiritishni xohlamaydi”, - deydi Nyu-Jersi shtatidagi Monkler davlat universitetining dotsenti Edmond Berisha.

Tramp o’tgan hafta AQShga noqonuniy kirgan kolumbiyaliklarni avvaliga qaytib olishdan bosh tortgan Kolumbiyaga ham tariflar qo’ymoqchi bo’ldi.

Tanqidchilar tariflar AQShning o’zida oilalar va tadbirkorlarga salbiy ta’sir qilishini aytmoqda. Ya’ni tarifdan ko’rilayotgan zararni qoplash uchun kompaniyalar oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, kofe kabi mahsulotlar narxini oshirishi mumkin.

“Kolumbiyada 150-160 yildan beri qahva yetishtiramiz. Oilamiz kofe fermasiga 80 yildan beri egalik qiladi”, - deydi Jonatan Echeverri ismli bir tadbirkor.

Uning Nyu-York shahri tevaragida joylashgan kofe ishlab chiqaruvchi kompaniyasi Kolumbiya mahsulotlariga tarif qo’yilsa, kofe narxini oshirishga majbur bo’lishini aytadi.

“Hozir kofe krizisini biroz boshdan kechiryapmiz. Qahvaning so’nggi 50 yilda narxi ko’tarilgan. Agar bunga yana 25 yoki 50 foizlik tarif qo’shiladigan bo’lsa, vaziyat yanada yomonlashadi”, - deydi Echeverri.

Tarif siyosati tarafdorlari moliyaviy og’irlik doim ham xaridor yelkasiga tushmasligini aytadi.

“Shunday bo’lishi mumkin, ammo doim ham emas. Xorijiy ta’minotchilardan bunga qanday munosabat bildirishini so’rashingiz kerak. Ayrim hollarda ular bozorni yo’qotib qo’ymaslik uchun kamroq daromadga rozi bo’lishga majbur bo’ladi”, - deydi iqtisodchi Jeyms Gelbret.

Tariflar kuchga kirib o’z ta’sirini o’tkazishni boshlamaguncha kompaniyalar va xaridorlar ma’lum muddat mavhumlikka yuz tutadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG