Dekabr oxirida Xitoy-Qirg’iziston-O’zbekiston temiryo’l qurilishiga shaxsan start bergan Prezident Sadir Japarov fevral boshida Xitoyda davlat tashrifi bilan kutib olindi.
Pekinda Xitoy rahbari Si Zinpin bilan o’tgan muzokaralar davomida tomonlar hamkorlikni mustahkamlashga doir hujjatlar imzolashdi, jumladan yangi davrda strategik sheriklikni har tomonlama mustahkamlashga qaratilgan qo’shma bayonot ham.
Qirg’iziston rasmiy matbuotida Japarovning Xitoyga tashrifi keng yoritildi, xususan tomonlar o’rtasida Yangi davrda strategik sheriklikni har tomonlama mustahkamlash bo’yicha imzolangan qo’shma bayonotga diqqat qaratiladi.
Ta’kidlanishicha, bayonot silkinishlar davriga kirgan global dunyoda tomonlarning o’zaro barqaror rivojlanishga bo’lgan ishonchini ifodalaydi. Qirg’iziston uchun Xitoy nafaqat iqtisod, infratuzilma loyihalari, balki ilg’or texnologiya, jumladan sun’iy idrok texnologiyasi bo’yicha hamkorlikda ham muhim strategik sherik.
Tramp Xitoyga qarshi keskin siyosat boshlagan taqdirda ham bu Markaziy Osiyoga jiddiy ta’sir ko’rsatmaydi, mintaqa davlatlari Xitoy bilan iqtisodiy aloqalarni to’xtatmaydi.
Bishkek Xitoy-Qirg’iziston-O’zbekiston temir yo’lini “Kamar va yo’l” tashabbusi doirasidagi muhim loyihalardan biri sifatida taqdim etadi.
Qiymati sakkiz milliard dollar atrofida baholanayotgan loyihaning asosiy qismi Qirg’iziston orqali o’tadi. Yakunida Transkaspiy koridoriga ulanuvchi bu loyiha G’arb va Sharqni bog’lovchi qisqa yo‘nalishga aylanishi ta’kidlanmoqda.
Xitoy 454 kilometr uzunlikdagi bu loyihani bir tomonlama moliyalash niyatida emas. Pekindagi uchrashuvda Si Zinpin temiryo’l qurilishini jadallashtirish uchun barcha tomonlar o’z ulushini qo’shishi lozimligini ta’kidlagan.
Japarov Si bilan uchrashuvda Qirg’iziston xalqaro maydonda Xitoy olg’a surayotgan Global rivojlanish, xavfsizlik va taraqqiyot siyosatini mutlaqo qo’llab-quvvatlashini, “Kamar va yo’l” tashabbusi doirasidagi yangi loyihalarda ishtirok etishga hozirligini bildirgan.
Xitoyning global siyosatini qo’llab-quvvatlayotgan faqat Qirg’iziston emas. Markaziy Osiyoning barcha davlatlari “yagona Xitoy” tamoyiliga sodiqlik, Xitoyning global tashabbuslarida ishtirok etish, uni qo’llab-quvvatlashga hozirlik izhor qilishgan.
Bu bejiz emas. Xitoy Markaziy Osiyoning asosiy iqtisodiy hamkori bo’lib, sarmoya kiritishda, iqtisodiy ishtirokda asosiy o’rinda kelgan Rossiyani ortda qoldirdi.
G’arb bu borada mintaqada Xitoyga raqobatchi bo’lmasa-da, so’nggi hodisalar, xususan mintaqa davlatlari ilg’or texnologiya, sun’iy intellekt tizimi bo’yicha hamkorlikda ham Pekinga umid qilishayotgani Xitoy ustuvorligini yanada kuchaytirishi mumkin.
Ammo bu manzara Prezident Donald Tramp Xitoyni AQShning asosiy raqibi sifatida e’lon qilishi, bu borada Xitoyga qarshi kurash kampaniyasi boshlanishi ortidan o’zgarishi mumkin. Har holda Tramp davrida AQShning asosiy diqqati Xitoyga qarshi kurashga qaratilishiga doir qarashlar kuchli. Bu Xitoy tovarlariga, sarmoyasiga suyanib qolgan mintaqa davlatlariga ham o’z ta’sirini o’tkazishi, bosimni oshirishi mumkin.
Markaziy Osiyo bo’yicha tadqiqotchi, ekspert Alisher Ilhomov nazarida, prezident Tramp davrida Xitoy va AQSh ziddiyati o’z cho’qqisiga chiqishi ehtimoli bor, ammo bu mintaqa davlatlariga jiddiy ta’sir ko’rsatmaydi. Qolaversa, mintaqada AQSh va Xitoy manfaatlari uyg’unlashayotgan nuqtalar ham bor.
“Xitoyning Markaziy Osiyo bilan aloqalarida siyosiy masala ustuvor emas. Harbiy hamkorlik ham Tojikiston istisno qilinsa, deyarli yo’q darajada. Xitoy asosan iqtisodiy loyihalarni surmoqda, albatta buning ortida siyosat yo’q deyish qiyin. Ammo bu oldingi planda emas. Shunday ekan, Tramp Xitoyga qarshi keskin siyosat boshlagan taqdirda ham bu Markaziy Osiyoga jiddiy ta’sir ko’rsatmaydi. Mintaqa davlatlari Xitoy bilan iqtisodiy aloqalarni to’xtatmaydi, Vashington bosimni kuchaytirgan taqdirda ham. Aslida Markaziy Osiyoda Xitoy va AQSh manfaatlariga mos loyihalar ham bor. Xitoy-Qirg’iziston-O’zbekiston temiryo’lini shunday loyihalardan biri deyish mumkin, chunki bu loyiha mintaqa davlatlarini G’arbga yaqinlashtiradi”, - degan fikrda Ilhomov.
Ekspert nazarida, Markaziy Osiyo davlatlari Xitoyga geosiyosiy muvozanatni saqlashga yordam beruvchi kuch sifatida ham qarashadi, ayniqsa Rossiya bosimi haddan oshgan vaziyatlarda.
Xitoy - Markaziy Osiyoga qo’shni geosiyosiy qudratlardan biri. So’nggi yillarda bu qudrat chegarasi jiddiy siljidi. Mintaqaning kichikroq davlatlarida Xitoy sarmoyasiga qaramlik kuzatilayotgani ta’kidlanadi.