Kongressda demokratlar ozchilik, lekin muxolifat nima qilib bo'lsa-da, Tramp ma'muriyatiga tizimni o'zgartirishga yo'l bermoqchi emas.
Vakillar palatasida demokratlar yetakchisi Hakim Jeffris nazarida respublikachilar xalq manfaati va dardi emas, o'z partiyasi uchun qayg'urmoqda, lekin astalik bilan Donald Tramp prezidentligi qanchalik zarar keltirishi mumkinligini anglay boshlagan.
Respublikachilarning o'zi esa Tramp prezidentlik vakolatlaridan maksimal tarzda foydalanib, hukumatning har bir qismini qayta ko'rib chiqmoqda, deb uni olqishlamoqda.
Tramp bu jarayonda milliarder do'sti Elon Maskka tayanmoqda. Mask boshliq guruh federal xarajatlarni va xizmatchilarni kamaytirishga bel bog'lagan.
Senatda demokratlar sardori Chack Shumer to'rt qismdan iborat strategiya bilan chiqqan: qonunchilar nazoratini oshirish, masalani sudlarga oshirish, yangi qonunlar qabul qilish, xalqni ogoh qilish va harakatga undash.
Shumer deydiki, demokratlar sudlarga shikoyat qilgan amerikaliklarni quvvatlaydi. Hozirgacha sudlar chiqargan qarorlar Tramp ma'muriyatini Kongress ajratgan mablag'ni muzlatishdan va davlat xizmatchilarini ishdan olishdan ushlab turibdi, to'liq bo'lmasa-da.
Vitse-prezident Jeyms Vens sudlar ijroiya organining ichki ishlariga aralasha olmaydi, deb chiqqaniga demokratlar aralasha oladi, agar qonunlar buzilsa, deb javob bermoqda.
Demokrat senator Kris Merfi deydiki, Amerika hozir "konstitutsion inqirozda".
"Tramp va Vens sudlarga bosh egmaslik uchun bahona qidirmoqda, shunday qilish uchun zamin hozirlashga urinmoqda. Unutmang, sudlar - demokratiyani haddidan oshgan ijroiya organidan himoya qiluvchi eng yuqori kuch", - deydi senator Merfi.
Demokratlar yaqinda ochgan portal orqali davlat xizmatchilari tizimdagi huquqbuzarlik hollari haqida zimdan xabar berishi mumkin.
Liberal senatorlar Amerika xalqini Tramp siyosatiga befarq bo'lmaslikka, adolat uchun kurashishga, norozi ekanini xat va murojaatlar orqali bildirib, Kongressdagi vakillariga chiqishga, sud orqali adolat izlashga chaqirmoqda.
Amerika hukumatining hozirgi byudjeti 14-martgacha mo'ljallangan. Yangisini tasdiqlash uchun demokratlarning ovozi zarur.
Respublikachilar 100 a'zolik Senatda 53 o'ringa ega, 435 a'zolik Vakillar palatasida esa ular 218 nafar. Demokratlar juda oz farq bilan orqada.