Dunyo rahbarlari AQSh global pozitsiyasini yangilab, orqaga chekinadi, degan xulosaga kelayotgan bo'lsa, jiddiy xato qiladi, deydi Pentagonning yangi rahbari Pit Xegset.
Xegset bu haqda Germaniyaning Shtutgart shahrida, AQShning Yevropa va Afrika qo'mondonliklari joylashgan majmuada so'zladi.
"Biz o'rnimiz va rolimizni qayta ko'rib chiqayapmiz, ammo biz ketayapmiz degani emas", - deydi vazir.
“Aslo, aksincha Amerika aql va ogohlik bilan kuzatib, rejalab, prioritetlarni aniqlab, qudratini to'g'ri ishga solib, mojarolarning oldini oladi, xavfni bartaraf etadi".
12-13 fevral kunlari Bryusselda qariyb 50 davlat mudofaa vazirlari va Ukraina bo'yicha koalitsiya vakillari urushni muhokama qiladi.
Xegset bu yig'inda NATO a'zolarini xarajatlarning ko'proq qismini qoplashga undaydi va ularga Yevropa tinchligini ta'minlash avvalo ularning zimmasida ekanini eslatadi.
"Yevropa hech qanday agressiya ostida yashamasligi kerak. Biroq buning uchun asosan bu davlatlarning o'zlari harakat qilishi lozim", - deydi Xegset.
“Bu - sizning hududingiz. Amerika sizga yordam beradi, siz bilan yonma-yon turadi".
Prezident Tramp saylovchilarga Ukrainadagi urushni tezlikda tugatishni va'da qilgan. Ukraina masalasini Yevropa bo'yniga qo'yib, AQSh ko'proq Osiyo-Tinch okeani hududiga, ya'ni Xitoyning kuchayib borayotgan ta'siriga e'tibor qaratishi mumkin, deydi ekspertlar.
“Kommunist Xitoy ulkan maqsadlarni ko'zlayotgani aniq. Ular dunyoga boshqacha qaraydi. 21-asrda jahonda hukmron bo'lish uchun kurash bu", - deydi Xegset.
Pentagon Pekinning Lotin Amerikasi va boshqa hududlardagi harakatlaridan ham ko'z uzmay keladi.
Xegsetga ko'ra, Afrikada terrorizm xavfi yuqori ekan, u yerdagi qo'shinlar jilmaydi, xususan Somalidagi askarlar xizmatni davom ettiradi.
“Biz avvalo u yerdagi qo'mondonlarimizga quloq solamiz. Ular bizga nima zarurligini aytadi", - deydi vazir.
Yaqinda Amerika kuchlari Somalida terrorchilarni nishonga olgan.
Xegset Pentagon milliarder Elon Mask boshchiligidagi maxsus guruh tomonidan tekshirilishiga ruxsat bergan. Maskning hukumat samaradoriligini oshirish bo'yicha idorasi bu vazirlikda ham xarajatlarni ko'rib chiqadi, isrofgarchiliklarni aniqlaydi, deydi u.
Vazirlikka iqlimdagi salbiy o'zgarishlarga qarshi kurashish uchun mablag' ajratilganidan vazir hayron.
“Mudofaa vazirligi iqlim bilan kurashmaydi. Global termometrni kuzatish bizning ishimiz emas. Biz tahdidlarga qarshi kurashamiz, urushlarda ustun kelishimiz kerak", - deydi Xegset.
Harbiy faoliyatga aslo zarar yetmaydi, deya so'z bermoqda Pentagon rahbari.