Panama rahbariyati bildirishicha, 12-fevral kuni mamlakatga AQShdan 119 kishi deportatsiya qilingan. Yana uch shunday reys kutilmoqda, unda qairyb 360 migrant keladi.
Prezident Xose Raul Mulino deydiki, Markaziy Amerika davlatlaridan katta sonni tashkil etgan bu odamlar orasida Xitoy, O'zbekiston, Pokiston va Afg'oniston fuqarolari ham bor.
Migrantlar hozircha Panamaning Darien hududida saqlanadi va keyinchalik vataniga qaytarilishi rejalangan.
O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga ko'ra, Amerikadan o'tgan kuni Panamaga chiqarib yuborilganlar ichida respublika fuqarolari ham bo'lgani haqida Toshkentning xabari yo'q, ammo Mirziyoyev ma'muriyati deportatsiya masalasida Vashington bilan hamkorlikka tayyor. Vazirlik jurnalistlarning bu boradagi murojaatlariga javob berib, chetdagi o'zbekistonliklar taqdiriga befarq emasligini qayd etgan.
Panama Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Karlos Ruiz Hernandez deydiki, hujjatsiz muhojirlarni o'z mamlakatlariga qaytishini ta'minlashda davlat AQSh bilan yaqindan ishlaydi. Xarajatlarni Amerika qoplaydi, lekin jarayon BMTning tegishli agentliklari orqali kechadi.
Panamaga 12-fevral kuni jo'natilgan 119 migrant AQShga noqonuniy kirgan, ammo jinoiy tarixga ega insonlar emas, deydi Hernandez.
AQSh Davlat kotibi Marko Rubio o'tgan hafta Panamada edi. Prezident Mulino bilan muloqot samarali kechib, Panama AQShdan deportatsiya jarayonida ko'prik bo'lishga ko'ngan.
Gvatemala va Salvador ham o'zga davlatlarga ketishi kerak bo'lgan odamlarni AQShdan vaqtincha qabul qilishga rozi.
Panama aslida bunday hamkorlikni Bayden prezidentligi davrida boshlagan. O'tgan yili o'nlab deportatsiya reyslari amalga oshirilgan.