Breaking News

AQSh rejalayotgan "Temir gumbaz" qurolli qarama-qarshilikni oshiradimi?


AQShning Guam orolida raketani urib tushirish sinovlari
AQShning Guam orolida raketani urib tushirish sinovlari

AQSh Prezidenti Donald Tramp Pentagon rahbariga uzoq masofali raketalarni qaytara oladigan yangi mudofaa tizimini yaratishni buyurdi. Tramp avvalroq “Temir gumbaz” havo mudofaa tizimini yaratish to‘g‘risida farmon imzolagandi.

“So'nggi 40 yil ichida yangi avlod strategik qurollar, jumladan gipertovushli qurollar tahdidi kamayishi o’rniga, dushmanlarimiz yangi avlod yetkazib berish tizimlarini ishlab chiqara boshlagani sababli aksincha yanada kuchaydi”, - deyiladi Oq uy bayonotida.

Hujjatda ta'kidlanishicha, AQSh "kuch-qudrat orqali tinchlik"ka erishishni maqsad qiladi va bunga quyidagi siyosat orqali yetishmoqchi: raketalarga qarshi mudofaa tizimlarining yangi avlodini joylashtirish orqali fuqarolar va mamlakatning umumiy mudofaasini ta'minlash; fuqarolarni va muhim infratuzilmalarni har qanday xorijiy havo hujumidan saqlash va himoya qilish; qayta zarba berish qobiliyatini mustahkamlash.

Moskvada AQShning bunday raketalarga qarshi mudofaa tizimini yaratish niyati Rossiyani shunday salohiyatga ega boʻlgan yadroviy davlat sifatida qabul qilmaslik istagidan kelib chiqqan, degan fikr bor.

Prezident mudofaa vaziriga ushbu buyruq chiqarilgan kundan boshlab 60 kun ichida bu maqsadga erishish rejasini ishlab chiqishni buyurdi.

Reja mamlakatni ballistik, gipertovushli va qanotli raketalardan, shuningdek, boshqa yangi avlod havo hujumi qurollaridan himoya qilishni o'z ichiga olishi kerak. Bundan tashqari, hujjatda hujumlarni qaytarish uchun qurollarni ushlab qoladigan tizimlar ishlab chiqarish vazifasi ham belgilangan. Raketa hujumlari amalga oshirilmasidan oldin ularni joyida bartaraf etish imkoniyatlarini beradigan tizimlar ishlab chiqarish vazifasi topshirilgan.

Moskva AQSh rahbarining bu farmonini salbiy qabul qildi. Tashqi ishlar vazirligi so'zlovchisi Mariya Zaxarovaning bayonotiga ko'ra, bu farmon "kosmosni qurolli qarama-qarshilik maydoniga aylantiradi”, xalqaro maydondagi keskinlikni kamaytirmaydi, aksincha strategik hujum qurollari mavzusidagi muloqotlarni murakkablashtiradi.

O‘z navbatida, Rossiya Tashqi ishlar vazirligining maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchisi Grigoriy Mashkovning “Xalqaro hayot” jurnalida yozishicha, Moskva endi raketa va yadro salohiyatini oshirish haqida o’ylab ko’rishiga to’g’ri keladi.

“Financial Times” nashrining yozishicha, Tramp ko’zlayotgan bunday tizimni yaratishga yuzlab milliard dollar ketadi va yangi qurollanish poygasini boshlab berishi mumkin.

Kanada Siyosat instituti eksperti Maksim Starchak esa bu borada shunday deydi:

"Vaziyat Rossiya uchun shunisi bilan tahdidliki, kelajakda AQSh javob hujumi haqida ko’p qayg’urmasdan o'zining strategik yadro qurollaridan foydalanishi mumkin bo’ladi, chunki ularda "Temir gumbaz" bo’ladi. Strategik hujum va mudofaa qurollari o'rtasidagi o'zaro bog'liqlikni hisobga olsak, Moskva ehtimol endi o'zining hujumkor salohiyatini kuchaytiradi".

AQSh mutaxassislari fikricha, Rossiya tashuvchi vositalarga maksimal darajada yadro kallaklarini ortmoqda. Bu esa strategik qurollar sonini kamaytirishga qaratilgan “START” bitimi talablarini buzadi.

“Vashington "Temir gumbaz" dasturini amalga oshira boshlasa, Moskva ham o'z niyatlarini yashirib o’tirmaydi, “START” shartnomasidan rasman chiqishi mumkin, deydi Starchak.

“Yadroviy kallaklarni ortish qiyin emas, lekin tashuvchilarni - raketa tizimlari, strategik samolyotlar va suv osti kemalari sonini ko'paytirish qiyin bo'ladi. Bu juda katta xarajat. Biroq “Yars” kabi quruqlikda ishlashga asoslangan mobil komplekslardan, ularning modifikatsiyalaridan foydalanish orqali buni amalga oshirish mumkin”, - deydi Starchak.

Uning fikricha, AQSh raketalarga qarshi mudofaa tizimini boshqa vositalar, masalan, sun'iy yo'ldoshlarni ko’paytirish hisobiga kuchaytirishi mumkin.

“Rossiya bu sohada nafaqat AQShdan, balki Xitoydan ham sezilarli darajada orqada qoldi. Agar sun'iy yo'ldosh poygasiga sarmoya kiritsa ham, endi quvib yeta olmaydi. Kreml G'arbni qurollanish poygasi bilan qo'rqitmoqda, ammo bunga javob beradigan hech narsasi yo'q. Qurollarni nazorat qilish bo'yicha muzokaralarga kelsak, Vashington taklif qilayotgan talablar Moskvaga to’g’ri kelmaydi. Ular nazarida AQSh faqat yadroviy qurollarni kamaytirishga intilmoqda, Rossiyani esa xalqaro xavfsizlik muammolari, jumladan yuqori aniqlikdagi qurollar, kosmik qurollar, raketalarga qarshi mudofaa tizimlari, NATOning kengayishi kabi masalalar qiziqtiradi”, - deydi Starchak.

Uning aytishicha, hech bir tomon bo’sh kelmoqchi emas. “START” bitimi 2026-yilda tugaydi, yangi kelishuv tuziladi deyishga hozircha asos yo‘q.

BMTning Qurolsizlanish bo'yicha tadqiqot instituti xodimi Pavel Podvigning ta’kidlashicha, bu yangi mavzu emas. Uning soʻzlariga koʻra, “Strategik mudofaa tashabbusi” dasturi davridan beri Vashingtonning raketalarga qarshi mudofaa tizimini yaratishga urinishlari Moskva tomonidan “Rossiyaning strategik yadro salohiyatini qadrsizlantirish usuli” sifatida baholangan.

“Bu doim e'tirozlarga sabab bo'lgan. Moskvaning salbiy munosabati ajablanarli emas. Rossiya rahbariyati va prezidenti uchun bu o'ta nozik masala. Chunki AQSh bir paytlar raketalarga qarshi mudofaa tizimlariga doir shartnomadan chiqqanida, Putin buni Rossiya manfaatlarini mensimaslik belgisi sifatida qabul qilgan”, - deydi Podvig.

Unga ko’ra, Kreml AQShning raketalarga qarshi mudofaa tizimi haqidagi rejalaridan asossiz xavotir olmoqda, chunki Tramp farmonida tilga olingan tizimni yaratish oson emas.

“Bu mavzudagi bahslar 60-yillardan beri davom etib kelmoqda. Har safar shu mavzuda gap chiqqanda, AQSh “o'zimizni raketa hujumlaridan ishonchli himoya qila olamiz”, deb katta gapiradi. Ammo tez orada ma'lum bo'ladiki, bu raketalarga qarshi mudofaa tizimi uzog’i bilan ma'lum miqdordagi raketalarni ushlab qola oladi xolos, 100 foizini emas”, - deydi Podvig.

Shu bilan birga, masalaning siyosiy tomoni ham bor, deydi tahlilchi.

“Moskvada AQShning bunday raketalarga qarshi mudofaa tizimini yaratish niyati Rossiyani shunday salohiyatga ega boʻlgan yadroviy davlat sifatida qabul qilmaslik istagidan kelib chiqqan, degan fikr bor va buni ular og’riq bilan qabul qilishadi. Ular fikricha, AQShning raketalarga qarshi mudofaa tizimi ma’lum bir vaziyatda Vashingtonga ba'zi masalalarda keskinroq pozitsiyani egallash imkoniyatini beradi”, - deydi Podvig.

Vashington bir paytlar raketaga qarshi tizimlar borasidagi rejalari haqida gapirganida, Rossiya “qo’lga tushmaydigan” qurollarni ishlab chiqarishini bildirgan edi. Podvig fikricha, ikki davlat o’rtasidagi qurol poygasi yana shu yo’sinda davom etishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG