Tojikistonda 2-mart kuni o'tgan, xalqaro hamjamiyat kuzatmagan parlament saylovlarida, xususan 63 o'rinli Vakillar assambleyasi (quyi palata) uchun tanlovda, kutilganidek, Prezident Emomali Rahmon yetakchiligidagi Xalq demokratik partiyasi yutgan.
Markaziy saylov komissiyasiga ko'ra, ovoz berish huquqiga ega 5,5 million odamdan 4,7 millioni saylovga chiqqan.
Xalq demokratik partiyasi qariyb 52%, Agrar partiya 21%, Iqtisodiy islohot partiyasi 12,7%, Sotsialistik partiya 5,3%, Demokratlar partiyasi 5,1%, Kommunistik partiya esa 1,9% ovoz olgan.
Mutaxassislar, siyosiy kuzatuvchilar va mahalliy faollar tahlilicha, saylov har doimgidek keskin nazorat va cheklovlar ostida, siyosiy oppozitsiyasiz o'tgan. Muxolif qarashlarga toqat qilinmaydi, amaldagi siyosat savolga tutilishiga yo'l qo'yilmaydi.
"X" platformasida g'arblik ekspertlar Tojikistondagi vaziyat va so'nggi saylovlarni muhokama qilar ekan, tuzum o'ta totalitar va repressiv, yaqin kelajakda siyosiy o'zgarish bo'lmaydi, deya xulosa qildi.
Rahmon ma'muriyati chet eldagi muxolifatchilarni tutib qaytarishga harakat qiladi, ularga vatandagi yaqinlar orqali bosimlar o'tkazadi, fuqaro jamiyati va erkin matbuotni deyarli yopib bo'lgan, deydi "Oxus" Markaziy Osiyo tadqiqot jamiyati olib borgan onlayn muloqot qatnashchilari.
Rossiya va Xitoy kabi yirik sheriklar Tojikistondagi saylovni o'z delegatsiyalari orqali kuzatgani, shuningdek, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti va Shanxay Hamkorlik tashkiloti vakillari ham mehmon bo'lgani, jarayon "demokratik" kechganini bildirib, respublikani bu tadbir bilan tabriklagan.
Tojikiston rahbariyati bu oyda qonunchilik organi yangilanishi davlatni yangi bir davrga olib kiradi, Rahmon yetakchilidagi yurt tinch va farovon, deya bong urmoqda.
Parlamentning yuqori palatasi - 33 o'rinli Milliy assambleya uchun saylov 28-mart kuni o'tadi.
Markaziy Osiyoning boshqa respublikalari singari Tojikiston ham shu kungacha, xalqaro me'yorlarga javob bera oladigan darajada biror erkin, demokratik saylov o'tkazmagan.
6-fevral kuni Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratiya va inson huquqlari byurosi Tojikistonda bu safargi saylovni kuzatmasligini e'lon qilgan edi. Sabab - Dushanbe uning ekspertlarini o'z vaqtida ro'yxatga olmagan.
Rahmon mamlakatni 30 yildan oshiq davrdan beri boshqarib keladi. 2020-yilda u beshinchi bor rahbarlikka saylangan.