Payshanba kuni Bryusselda Yevropa va Ukraina xavfsizligini muhokama qilgan qit’a rahbarlari Ukrainadan yuz o’girmasligini, mudofaaga qo’shimcha pul sarflashga tayyor ekanini bildirdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Xalqaro hayot - 7-mart, 2025-yil - Yevropa mudofaaga xarajatlarni oshirmoqchi
“Tinchlikka kuch orqali erishmoqchimiz. Shu sabab to’plangan rahbarlarga “Yevropani qurollantirish” rejasini taqdim etyapman”, - dedi Yevropa Komissiyasining prezidenti Ursula fon der Leyen.
Sammitda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham qatnashdi. NATOga ko’ra, o’tgan yili Ukrainaga uzatilgan harbiy yordamning 40 foizidan ko’pi AQShdan kelgan, biroq Oq uyda rahbariyat almashishi bilan yangi ma’muriyat mojaroni davom ettirish emas, uni to’xtatishga urg’u bermoqda, Ukrainaga harbiy yordam va razvedka ma’lumotlarini ulashish vaqtincha to’xtatildi.
Ukrainani Rossiyaga yon bermaslikka undayotgan Yevropa Amerikaning o’rnini egallashga intilmoqda, fon der Leyen rejasi mudofaa uchun 800 milliard yevro jamg’arishni ko’zda tutadi.
Britaniya Ukrainani dronlar bilan, Fransiya sun’iy yoldosh orqali internet aloqa, razvedka ma’lumotlari bilan ta’minlamoqchi.
Yevropa rahbarlari tinchlik muzokaralarida Ukraina ham qatnashishi kerak deya shart qo’ymoqda. Kelasi chorshanba AQSh va Ukraina vakillari Saudiya Arabistonida uchrashishi kutilmoqda.
Ukraina qurolli kuchlarining sobiq qo’mondoni, hozir esa Angliyada elchi Valeriy Zalujniyning aytishicha, AQShning hozirgi siyosati yaqin kelajakda NATOning tarqalishiga olib kelishi mumkin.
AQShdagi ayrim qonunchilar Tramp ma’muriyatini harbiy alyansdan chiqishga chaqirmoqda, Tramp ham bu ehtimol haqida oldin og’iz ochgan.
"Vashingtonning Rossiya Federatsiyasi bosqinini tan olmaslik siyosati nafaqat Ukraina, balki butun Yevropa uchun muammodir. Dunyo tartibini nafaqat Rossiya va uning ittifoqchilari, balki Qo’shma Shtatlar ham tamoman barbod qilayotganini ko’rsa bo’ladi”, - deydi Zalujniy.
Biroq Tramp urushni to’xtatishga, tinchlikni o’rnatishga harakat qilayotganini aytadi.
“Ukraina kelishishni istaydi, chunki boshqa ilojisi yo’q. Rossiya ham shunday. Ular ham kelishishmoqchi va men bilgan ma’lum sabablarga ko’ra bundan boshqa yo’li yo’q”, - deydi Tramp.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov tinchlikka qaratilgan muzokaralarda 2022-yilgi Istanbul kelishuvidan foydalanishni taklif etmoqda. Turkiya o’shanda vositachi edi.
Peskov Yevropa Ittifoqining militarlashtirish harakatlarini tanqid qildi.
"Biz ushbu jarayonni diqqat bilan kuzatyapmiz. Yevropa Ittifoqi Rossiyani asosiy dushman deb ko’rayotganidan xavotirdamiz, o’z xavfsizligimizni ta’minlash uchun tegishli choralar ko’rishimiz kerak bo’ladi”, - dedi u.
Urush boshidan beri Ukrainaga qurol yuborishdan bosh tortib kelayotgan Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning aytishicha, agar AQSh Ukraina uchun moliyaviy yordam ajratishni to’xtatgan bo’lsa, Yevropa Ittifoqining yolg’iz o’zi bu ishni davom ettira olmaydi, mudofaaga qo’shimcha pul ajratish tashkilotni vayron qiladi.
Bu o’rtada Tramp urush boshidan beri AQShga qabul qilingan 240 mingga yaqin ukrainalik qochqin uchun vaqtincha qonuniy maqomni bekor qilish ustida o’ylanmoqda.
"Ayrim odamlar buni to’g’ri qadam deb bilyapti, ba’zilari noto’g’ri qadam deb. Tez orada bir qarorga kelaman. Ukrainaliklarga zarar yetkazish niyatim yo’q. Ular ko’p jabr ko’rdi”, - deydi Tramp.
Oq uy ma’muriyatidagi ayrim rasmiylar ukrainalik qochqinlarni mamlakatdan haydash Trampning Amerikaga vaqtincha shartli gumanitar dastur doirasida kirgan 1,8 milliondan ziyod migrantni deportatsiya qilish rejasiga to’g’ri kelishini aytadi.