Eronning BMTdagi vakolatxonasiga ko'ra, Tehron Amerika bilan cheklangan tarzdagi muzokaraga tayyor. Ya'ni, deydi rasmiylar, gap agar faqat bu davlatning atom dasturi va bu boradagi xavotirlar haqida kechsa.
Islomiy tuzum Vashingtonni unga asossiz bosimda ayblab keladi. Eron yillardan beri AQSh va Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida.
Tehron zimdan yadroviy qurollar yasash bilan band, degan iddaolarni bu hukumat azaldan inkor etadi. BMTdagi diplomatlar bu masalani AQShning yangi ma'muriyati bilan muhokama qilishdan qochmasligini bildirgan.
Biroq, deyiladi bayonotda,"tinchlikni ko'zlovchi dasturimizni tugatish talabi qo'yiladigan bo'lsa, hech qanday muzokara bo'lmaydi".
Buni ham ko'ring Tramp: "Eron meni o'ldirsa, AQSh uni yakson qiladi"Tehron shu tariqa Tramp ma'muriyatining biror shartini eshitishni xohlamasligini ta'kidlamoqda. Mudofaa, harbiy salohiyat va tashqi siyosat borasida islomiy respublikaga hech kim aql o'rgata olmaydi, degan bu davlat oliy peshvosi Oyatulla Hominiy.
Prezident Donald Tramp yaqinda Tehronga xat yo'llab, uni yadroviy maqsadlar yuzasidan gaplashishga undagan.
Tehron, 7-fevral, 2025
Tramp Eron murosaga bormasa, unga "maksimum bosim" o'tkazishga tayyor ekanini aytgan. Oq uydagi birinchi muddatida u Tehronni yanayam yakkalab, iqtsodiy sanksiyalarni kuchaytirgan, neft eksportini deyarli nolga tushirishga uringan.
Barak Obama prezidentligida 2015-yilda Eron bilan erishilgan kelishuvni Tramp 2018-yilda bekor qilgan. Bu kelishuvga ko'ra, Tehron atom dasturini cheklab, buning evaziga iqtisodiy yordam olishi mumkin edi.
Hujjat chetga uloqtirilgach, islomiy respublika dasturni kengaytirgan.
BMTga ko'ra, vaziyat yanayam murakkablashmasligi uchun muzokara qilish kerak. Eron uranni boyitishda davom etmoqda, boyitilgan uran esa atom bombasi yaratish uchun zarur.
Tehron yadroviy programma tinchlikni ko'zlaydi, deya bong urib keladi.