AQSh rahbari Donald Tramp Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiyni mamlakatni "saylovsiz boshqarayotgan diktator", deya ta'riflab chiqdi. Zelenskiy sal avval Trampni Rossiya dezinformatsiyasi ichida yashayotganlikda ayblagan edi.
Ukraina AQSh Rossiya bilan tinchlik muzokaralarini usiz boshlaganidan norozi va so'nggi kunlarda butun Yevropa bo'ylab Oq uyga qarshilik avj olgan.
Zelenskiy deydiki, Kiyev usiz qilingan biror qarorni tan olmaydi va Ukrainadagi urush haqida qilingan har qanday muloqot uning davlatisiz kechmasligi kerak.
Tramp nazarida esa Zelenskiy ataylab saylov o'tkazmayapti, aslida bu jarayon deyarli bir yil oldin o'tishi kerak edi. Saylov urush sabab kechiktirilgan.
Rossiya Ukrainaga bostirib kirganiga uch yil bo'ldi. Tramp deydiki, urushni aslida Ukrainaning o'zi boshlagan. Bu kabi iddaolar odatda Kremlda yangraydi.
Amerika rahbari deydiki, Zelenskiy Vashingtonni laqillatib, 350 milliard dollar undirgan.
"Men prezident bo'lganimda bu urushga aslo yo'l qo'ymagan bo'lardim. Endi esa bu urush bizsiz barham topmaydi", - deydi Tramp.
U Zelenskiyni ayyor deya tasvirlar ekan, Ukraina rahbari AQSh yordami harbiy va iqtisodiy madadni hisoblaganda, 118 milliard dollar, deya ta'kidlamoqda.
Yevropa Ittifoqi esa uning Ukrainaga harbiy va noharbiy yordami 151 milliard dollarda ekanini eslatmoqda.
Rossiya va AQSh rasmiylari kecha Riyodda gaplashib oldi. Unga ko'ra, muzokara uchun guruhlar tuzilib, kelgusi uchrashuvlarda Ukraina va Yevropa vakillari ham qatnashishi mumkin.
Tramp, shuningdek, Rossiya bilan diplomatik aloqani va savdoni ham tiklashga bel bog'laganini bildirgan.
O'tgan hafta Zelenskiy bilan telefonda iliq gaplashgan Tramp fikricha, Ukraina rahbari chetga surilganlik haqida gina qilolmaydi, chunki, xohlasa, Rossiya bilan allaqachon muloqotga kirishgan bo'lardi. Urush davom etayaptimi, demak, kelisha olishmagan va Amerika bu ishni qiladi, deydi Tramp.
Vladimir Putin Riyoddagi uchrashuvlardan mamnun va aloqalarni qayta boshlashga shay ekanini bildirgan, lekin oradagi ishonchni tiklash oson kechmasligini ham aytgan.
Rossiya ayni damda Ukrainaning deyarli beshdan bir qismini nazorat qiladi. Keng ko'lamli talafotlarga qaramasdan bu hududlarni aslo tark etmasligini eslatib keladi. Kiyevga ko'ra esa rus qo'shini barcha bosib olingan yerlardan chiqib ketishi kerak.
Tramp ma'muriyati Ukraina bunga erisha olishiga ishonmaydi. Oq uyning bu mojaro bo'yicha maxsus vakili Kit Kellog bugun Kiyevga borib, rasmiylar bilan gaplashgan. Uningcha, Vashington Ukrainaga xavfsizlik kafolati zarurligini tushunadi.
Kellog Kiyevga bu xalq dardini va siyosiy pozitsiyasini yaqindan eshitish uchun borganini aytgan.
Oq uy vakili deydiki, urushning tugashi nafaqat Ukraina va Rossiya, balki butun dunyo uchun muhimdir.
Urushdan keyin barqarorlikni asrash uchun jalb qilinishi mumkin bo'gan xalqaro kuchlar ichida Amerika bo'lmasligi mumkin, ammo Ukraina Vashington ko'magiga muhtoj, deydi Zelenskiy.
"Qo'shin yubormang, mayli. NATO kelishiga ham qarshisiz, mayli. Bizni himoya qila olasizmi? "Patriot" rusumidagi havo himoya tizimi bilan ta'minlaysizmi?" - deya so'ramoqda Ukraina prezidenti.
Parijda esa Fransiya rahbari Emmanuel Makron Yevropa liderlari bilan ikkinchi yirik uchrashuvga mezbonlik qilmoqda. Kellog bu hafta ular bilan ham uchrashgan.
Yevropa hamjamiyati Amerika tutayotgan yo'lni tanqid qilib, Vashingtonni o'zboshimchalikda, Ukraina va butun qit'a xavfsizligini qil ustiga qo'yayotganlikda ayblamoqda.
AQSh Davlat kotibi Marko Rubio, Riyodda Rossiya delegatsiyasi bilan uchrashuvdan so'ng "urushayotgan davlatlar murosa qilishga majbur", degan.
“Mojaroni adolatli, qaytalanmaydigan, har bir tomon uchun qabul qilinadigan shaklda yakunlashimiz kerak", - deydi Rubio.
Oq uy Zelenskiy undan qanchalik xafa ekanini biladi, deydi rasmiylar, ammo tinchlikka erishish uchun Amerika qo'ldan kelgan barcha chorani ko'radi.