Breaking News

AQShning Ukrainaga yordami Tramp aytgan raqamlarga to'g'ri kelmaydi


Zaporojyeda jang qilayotgan ukrain kuchlari, 28-yanvar, 2025
Zaporojyeda jang qilayotgan ukrain kuchlari, 28-yanvar, 2025

Prezident Donald Tramp 19-fevral kuni ijtimoiy tarmoqlardagi postida AQSh Ukrainaga shu kungacha 350 milliard dollarga teng yordam bergan, deya da'vo qildi. Biroq Pentagon va boshqa tegishli organlar bergan raqamlar buni isbotlamaydi.

Rossiya 2022-yilning fevralida Ukrainaga bostirib kirganidan beri AQSh Kongressi bu davlatga harbiy va noharbiy ko'mak ko'rsatish uchun qariyb 183 milliard dollar ajratgan.

Pentagonning "Amerika Ovozi"ga tasdiqlashicha, bu mablag'dan 65,9 milliard dollari aynan urush uchun sarflangan. Shu maqsad uchun ma'qullangan qo'shimcha 3,9 milliard dollar hali ishlatilmay turibdi.

183 milliard dollarning 58 milliardi Amerikaning o'ziga ketgan, chunki unga mamlakat qurol va harbiy vositalar ishlab chiqargan. Bu pulning salmoqli qismiga Ukrainaga uzatilgan eski texnika o'rnini AQSh o'zi uchun yangilari bilan to'ldirgan. Ya'ni, deya tushuntiradi Mudofaa vazirligi, Amerika o'z harbiy salohiyati uchun sarmoya qilgan.

"Amerika Ovozi" Trampning iddaolari haqida Oq uydan so'raganida, hammasi prezidentning postida degan mazmunda javob oldi.

Davlat rahbari "Truth Social" tarmog'ida bugun Ukraina prezidentini ayyorlikda ayblab, Volodimir Zelenskiyni mamlakatni "saylovsiz boshqarayotgan diktator", deb atadi. Ukraina Amerika va Trampsiz tinchlikka erisha olmaydi, deya yozdi prezident.

Zelenskiy bugungi bayonotida deydiki, Ukrainaga Rossiya bosqini shu kungacha 320 milliard dollarga tushgan.

"Shundan 120 milliard dollari o'zimizdan ketdi, Ukraina xalqidan. 200 milliard dollari esa AQSh va Yevropa Ittifoqidan keldi. Qurollarga sarfladik - jami 320 milliard dollar", - deya qayd etadi Zelenskiy.

Ukraina askarlari, Donetsk, 21-yanvar, 2025
Ukraina askarlari, Donetsk, 21-yanvar, 2025

Tramp iddao qilishicha esa Amerika Yevropaga qaraganda 200 milliard dollar ko'proq bergan.

Germaniyadagi Kel Jahon iqtisodiyoti instituti hisobicha, Ukrainani harbiy, moliyaviy va gumanitar jihatdan quvvatlash uchun Yevropa Ittifoqi, shuningdek, Britaniya, Islandiya, Norvegiya va Shveytsariya jami 140 milliard dollar ajratgan. AQSh esa 120 milliard dollarlik yordam bergan - harbiy, insonparvarlik va moliyaviy sohada, deya xatlagan institut.

Pentagon bergan raqamlar bu hisobga yaqin, chunki Kongress ma'qullagan mablag'ning katta qismi Amerikaning o'zida ishlatilgan.

Vashingtondan borgan ko'mak Yevropanikidan 2 milliard dollar ko'proq, deya bildiradi Kil instituti, biroq Yevropadagi donorlar Ukraina uchun asosiy va serqirra manba bo'lib qolmoqda.

Ukrainaga madad AQSh, Germaniya va Britaniya kabi yirik iqtisodiyotlar uchun juda kichik raqam - yillik milliy yalpi mahsulotining 0,2 foiziga ham yetmaydi. Fransiya, Italiya va Ispaniya ajratgan pul ularning yillik daromadining 0,1 foizi atrofida.

AQSh hukumati gigantligi bilan ajralib turadi. 2024-yilda davlat xarajatlari 6,75 trillion dollarni tashkil etgan. Joriy moliyaviy yilning ilk qismida 2,4 trillion dollar sarflangan.

Trampning Ukrainaga yordam borasida bergan raqamlarini Vashingtondagi ekspertlar darhol savolga tutib, faktlar tizimning o'zida, deya eslatmoqda.

“Prezident keltirgan raqamlar haqiqat emas, - deydi Xalqaro aloqalar kengashidan Liana Fiks. - Ukrainaga ketgan pulning har bir tiyini tegishli organlar tomonidan qayd etiladi, yozib boriladi".

XS
SM
MD
LG