Breaking News

Trampning Zelenskiyga hujumi muzokara taktikasimi?


AQSh Prezidenti Donald Tramp Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiyni diktator deb atashi ketidan Trampning Rossiya va Ukraina bo’yicha maxsus vakili Kit Kellog Kiyevga bordi.

Xalqaro hayot - 20-fevral, 2025-yil - Tramp Zelenskiyni “diktator” deb atadi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:53 0:00

“Biz ularni eshitamiz. Xavfsizlik kafolatlariga ehtiyojlarini tushunamiz. Bu mamlakat uchun suverenitet va mustaqillik masalasi muhim ekani ayon bizga. Missiyamning bir qismi o’tirib ularni tinglash”, - dedi Kellog.

Tramp ma’muriyati Rossiya-Ukraina urushiga yakun yasashga jiddiy kirishib, har ikki taraf bilan muloqot qilmoqda.

Muzokaralarga taklif etilmagan Yevropa Ittifoqi esa aksincha urushni davom ettirish tarafdori – tashkilot Ukrainaga olti milliard yevroga teng harbiy yordam uzatishga hozirlanmoqda. Ittifoq vakillari yordam ko’lami oshirilishini bildirmoqda.

Trampga ko’ra, Ukraina va Yevropa Ittifoqi urushning eng boshida unga yakun yasashi mumkin edi.

“Bizni muzokaraga taklif etishmadi deyishyapti. Sizda uch yildan beri bunga imkoniyat bor edi, urushni tugatsangiz bo’lardi, uni boshlamasangiz bo’lar edi, kelishsangiz bo’lar edi”, - dedi Tramp.

Zelenskiyga ko’ra, Tramp Rossiyadan taralayotgan dezinformatsiyadan foydalanyapti.

“Bu dezinformatsiyani ko’rganmiz. Rossiyadan kelayotganini tushunamiz. Prezident Trampga Amerika xalqining rahbari sifatida hurmatimiz baland, ammo afsuski, u dezinformatsiya dunyosida yashayapti”, - dedi Zelenskiy.

Shundan so’ng Tramp uni o’z ijtimoiy sahifasida diktator deb atadi, xalq orasida reytingi 4 foizga tushib ketganini aytib, Ukrainada saylov o’tkazishga chaqirdi.

AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens Zelenskiyni Tramp haqida gapirganda ehtiyot bo’lishga, uni haqorat qilmaslikka da’vat etdi.

Zelenskiy mamlakatidagi harbiy holatga ishora qilib, bunday sharoitda saylov o’tkazish mumkin emasligini aytadi, biroq Vensning aytishicha, agar Rossiyaga qarshi urush demokratiyani himoya qilishdan iborat bo’lsa, saylovning o’tkazilmayotgani demokratiyaga ziddir.

Ba’zi kuzatuvchilar Trampning Zelenskiyga nisbatan tanqidlarini uni tinchlik bitimini hamda nodir yer minerallari bo’yicha shartnomani imzolashga ko’ndirishga qaratilgan muzokara taktikasi deb atamoqda.

Fevral boshida Kiyev xalqaro sotsiologiya instituti o’tkazgan ijtimoiy so’rov natijalari Zelenskiyning reytingi 57 foiz atrofida ekanini ko’rsatgan.

Kuzatuvchilar Ukraina qurolli kuchlari sobiq qo’mondoni Valeriy Zalujniyni Zelenskiyning o’rniga ehtimoliy nomzodlardan biri sifatida ko’rmoqda. Zalujniy hozir Britaniyada elchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG