Breaking News

Sud Oq uyning AP axborot agentligiga cheklovini yoqladi


Prezident Donald Tramp farmon chiqarib, Meksika ko'rfazi nomini Amerika ko'rfazi deya o'zgartirgan. AQSh rahbari Yangi Orlean tomon parvoz paytida media bilan gaplashmoqda, 9-fevral, 2025.
Prezident Donald Tramp farmon chiqarib, Meksika ko'rfazi nomini Amerika ko'rfazi deya o'zgartirgan. AQSh rahbari Yangi Orlean tomon parvoz paytida media bilan gaplashmoqda, 9-fevral, 2025.

Federal sud 24-fevral kuni chiqargan qaroriga ko'ra, Oq uyning "Associated Press" (AP) xalqaro axborot agentligiga qo'ygan cheklovi qonunga zid emas.

AP Amerika ko'rfazi emas, Meksika ko'rfazi deyishda davom etayotgani uchun jazolanmoqda, deya bildiradi Oq uy matbuot xizmati.

Prezident farmon bilan ko'rfaz nomini o'zgartirgan, AP unga amal qilmayapti. Tashkilot bu qarorini xalqaro me'yorlar va 400 yildan oshiq davrdan beri ishlatiladigan atamaga asoslaydi.

Agentlik buni o'z tahririyatida izchil muhokama qilib, Meksika ko'rfazi deyish xolis bo'ladi, degan to'xtamga kelgan.

AP uslubi va standartlari - jahon bo'ylab jurnalistlar uchun yo'riqnoma va me'yor.

"Amerika Ovozi" ham AP uslubiga tayanadi. Biroq tashkilotning standartlari bo'yicha muharririga ko'ra, ko'p tilli axborot vositasi Amerika ko'rfazi deyishga o'tgan.

Tashkilot Kongress tomonidan moliyalansa-da, jurnalistik jihatdan mustaqil va hukumat uning ishiga aralashmaydi. Bu kafolatlovchi qonunlar mavjud.

APga ko'ra uning muxbirlarini Oq uyda, xususan prezident ofisidagi anjumanlarga kiritmaslik AQSh konstitutsiyasiga xilof harakatdir.

Hukumat jurnalistlarga nimani qanday izohlab, qaysi so'zni qachon nima va kimga nisbatan ishlatishni buyura olmaydi yoki talab qila olmaydi, deydi axborot agentligi.

Oq uy sud uning qaroriga qarshi chiqmaganini "g'alaba" deya tantana qilmoqda, Vashington, 24-fevral, 2025
Oq uy sud uning qaroriga qarshi chiqmaganini "g'alaba" deya tantana qilmoqda, Vashington, 24-fevral, 2025

Tramp ma'muriyatiga ko'ra esa APda prezident bilan savol-javob qilishdek huquq mavjud emas va buning bosh qomusga aloqasi yo'q.

APning Oval idoraga kira olmayapmiz deya sudga shikoyat qilishini Oq uy "piar tomosha" deb ta'riflagan. Matbuot kotibi Karolayn Levit deydiki, ma'muriyat bu masalada haq ekaniga ishonchi komil.

Axborot agentligi aynan Levit va yana ikki rasmiy, Oq uy boshqaruvchisi Syuzan Vayls va uning muovini Teylor Budovichni sudga bergan.

Oq uy APga Trampni bevosita ko'rish va eshitish, shuningdek, boshqa yuqori lavozimli rasmiylar bilan to'g'ridan to'g'ri, jonli muloqot qilish imkoniyatidan ayirgan. Agentlik faqat umumiy matbuot anjumanlarida qatnasha oladi.

Oq uyni yoritadigan muxbirlar uyushmasi bu cheklovni va sud qarorini qoralab, ommaning xolis axborot olishi yo'liga ulkan to'siq, deya baholagan.

Yana bir yirik xalqaro axborot agentligi, Britaniyada asoslangan "Reuters" ham AP tarafida. Amerikada ko'plab jurnalistlar va media tashkilotlar ham APni quvvatlab chiqqan va bir-birini Oq uyni boykott qilishga chaqirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG