24-fevral kuni Rossiya Ukrainaga qo’shin kiritganiga uch yil to’ladi. Matbuotdagi xabarlarga ko’ra, Tramp ma’muriyati ushbu sana munosabati bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotida Rossiya bosqinini qoralovchi rezolyutsiya loyihasini tasdiqlamasligini bildirgan, “Katta Yettilik”ning ushbu sanaga doir bayonotidan “Rossiya bosqini” iborasini olib tashlashni talab qilgan.
AQSh Prezidenti Donald Tramp Rossiya bilan munosabatlarni tiklashga va Rossiya-Ukraina urushini tugatishga zo’r berayotgan bir paytda Yevropa Ittifoqi Ukrainani urushda qo’llab-quvvatlashda davom etishiga ishora qilmoqda.
“Rus qo’shinlari har kuni bir yoki undan ko’proq kilometrga olg’a siljimoqda. Ularning olg’a yurishi yil davomida davom etadi deya taxmin qilaman”, - deydi Londondagi Strategik izlanishlar xalqaro institutidan tahlilchi Ben Berri.
AQSh va Rossiyaning so’nggi uch yilda ilk yuqori darajadagi muloqoti qanday natija berishi hozircha ma’lum emas, biroq Tramp ma’muriyatining ushbu jarayonga jiddiy kirishgani Ukraina va Yevropani xavotirga solmoqda.
“Yevropa poytaxtlarida ushbu muzokaralarda qit’a xavfsizligi bo’yicha nimalar muhokama etilgani yuzasidan jiddiy xavotir kuzatilishi aniq. Yevropa AQSh ruxsatisiz Ukrainada tinchlikparvar missiyani amalga oshirishga harakat qilgani AQSh qahriga sabab bo’lishi mumkin”, - deydi Birlashgan Qirollikning Ekseter universitetidan Deyvid Blagden.
Britaniya va Fransiya Ukrainaga tinchlikparvar qo’shin yuborishga tayyor, biroq ayrim hisoblarga ko’ra, buning uchun kamida 100 ming askar kerak bo’ladi.
Londonlik tahlilchi Armida van Rij buning o’ziga yarasha xavfi haqida ogohlantiradi.
“Qo’shma Shtatlar Ukrainaga qo’shin yuborgan mamlakatlar NATO nizomining kollektiv mudofaa haqidagi 5-moddasidan istisno bo’lishi haqida ogohlantirdi. Bu degani ular himoya qilinmaydi. Rossiya otashkesim haqidagi yoki tinchlik bitimi shartlarini buzishga harakat qilsa, yevropaliklar bunga qanday javob berishi ma’lum emas”, - deydi ekspert.
Yevropa Ittifoqi Ukrainaga harbiy, moliyaviy va gumanitar yordam uchun uch yilda 145 milliard dollar ajratganini ta’kidlaydi. AQSh Mudofaa vaziri Pit Xegset Yevropa bundan keyin o’z xavfsizligi bilan o’zi shug’ullanishi kerakligini aytdi, biroq mudofaa uchun qo’shimcha pul topish iqtisodiy tanazzulni boshdan kechirayotgan Yevropa Ittifoqi uchun oson bo’lmaydi.
“Kelasi haftalarda qabul qilinadigan qarorlarimiz nafaqat Ukrainadagi mojaro natijasini, balki uzoq muddatda dunyo xavfsizligini belgilaydi”, - deydi Britaniya Mudofaa vaziri Jon Xili.
Tramp Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga mamlakatda ishonch o’ta past ekanini aytib, yil oxirigacha saylov o’tkazishni talab qilmoqda.
“Saylov bo’lmagani yaxshi emas, chunki agar demokratiyani himoya qilayotganingizni da’vo qilayotgan bo’lsangiz, uni tadbiq etish kerak”, - deydi respublikachi senator Josh Xoli.
Demokrat qonunchilar Ukrainani himoya qilmoqda.
“Prezident Tramp sulhga yoki davomiy tinchlikka erishish uchun Ukrainadan saylov o’tkazishni talab qilishi jabrdiyda kim ekanining noto’g’ri talqin etilishiga olib keladi. Rossiya Prezidenti Putin hech qachon erkin va halol saylov orqali saylanmagan”, - deydi senator Kris Kuns.
Tramp prezidentlikka qaytganidan beri AQSh siyosati 180 darajaga o’zgardi, Vashington Yevropadagi ittifoqchilari va xalqaro institutlardan yuz o’girmoqda.
Payshanba kuni AQSh Senatida Birlashgan Millatlar Tashkiloti va unga aloqador agentliklardan chiqish haqida qonun loyihasi taqdim etildi. O’xshash hujjat juma kuni Vakillar palatasida ham qayd etilishi kutilmoqda.
Qo’shma Shtatlar BMTning eng yirik donori bo’lib, 2022-yilda tashkilotni moliyalash uchun 18 milliard dollar ajratgan.
AQSh va Rossiya rasmiylari Riyodda muzokara qilayotgan bir paytda Turkiyaga borgan Ukraina rahbari bu mamlakatdan xavfsizlik kafolatlarini olishga umid qilmoqda. Yevropada eng yirik armiyaga ega Turkiya Yevropa davlatlarining Ukrainaga tinchlikparvar qo’shinlarini safarbar etish rejasiga munosabat bildirgani yo’q.
Vladimir Zelenskiy Ukraina armiyasini kuchaytirib, mamlakatga Yevropa va AQSh qo’shinlarini kiritishga chaqirmoqda.
Tramp ma’muriyati Ukrainaga harbiylarini yubormoqchi emas.
Zelenskiy Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an bilan yaxshi aloqada bo’lsa-da, Erdog’an Prezident Putin bilan ham yaqin aloqaga ega.
“Agar tomonlar rozilik bildirsa, Turkiya tinchlikparvar missiyasi uchun qo’shin ajratishi mumkin. Chunki Turkiya BMTning tinchlikparvar amaliyotlarida qatnashmoqda, armiyamiz juda qudratli“, - deydi Turkiya prezidentining maslahatchisi Mesut Jashin.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov uning mamlakati NATO tinchlikparvar qo’shinlarining Ukrainaga kiritilishiga qarshi ekanini shu hafta yana bir bor ta’kidladi.
Turkiyada inson huquqlarining poymol etilishini tanqid qilib kelgan Yevropa Ittifoqining Anqara bilan aloqalari tarang bo’lsa-da, xavfsizlik bo’yicha umumiy xavotirlar o’zaro hamkorlik uchun zamin yaratishi mumkin, deydi kuzatuvchilar.
“Turkiya va Yevropa davlatlarining geostrategik manfaatlari bir. Agar turk siyosatchilari bilan gaplashsangiz, ular uchun mamlakat xavfsizligi, barqarorligi va yaxlitligiga asosiy tahdid Rossiya ekanini aytishadi”, - deydi Italiyaning Triyesta universitetidan Federiko Donelli.
Yevropadagi aksariyat mamlakatlar armiyasi Turkiyaniki bilan tenglasha olmas ekan, Anqara Yevropani mudofaa qilishda muhim rol o’ynay olishini ta’kidlaydi.
“Yevropaliklar Yevropa qit’asi va Yevroatlantika xavfsizligi va mudofaasini Turkiyasiz ta’minlay olmasligini tushunadi va Turkiya ularni bu ishda qo’llab-quvvatlashga tayyor”, - deydi Jashin.
Ayrim ma’lumotlarga ko’ra, zaxirachilarni qo’shib hisoblaganda Turkiya qurolli kuchlari tarkibida 800 ming askar bor.
Turkiya xayrixohligini qozonish maqsadida, deydi kuzatuvchilar, Yevropa rahbarlari armiyasini zamonaviylashtirishga intilayotgan Turkiyaga Yevropada ishlangan harbiy texnika va uskunani sotishga qarshiligidan voz kechishga kirishmoqda.