Breaking News

Rossiya-Ukraina urushi to’rtinchi yilga o’tmoqda


24-fevral kuni Rossiya Ukrainaga qo’shin tortganiga uch yil to’ldi. Shu kuni Yevropa davlatlari va Kanada rahbarlari Ukrainani qo’llab-quvvatlash va urushda qurbon bo’lgan ukrain askarlarini xotirlash uchun Kiyevda to’plandi.

Xalqaro hayot - 24-fevral, 2025-yil - Rossiya-Ukraina urushi to’rtinchi yilga o’tmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:27 0:00

Mojaro har ikki tarafdan yuz minglab harbiy va noharbiylarning o’limiga sabab bo’ldi. Qurbonlar bo’yicha aniq ma’lumotlar yo’q, chunki turli manbalar turlicha ma’lumot keltirmoqda.

Uch yilda Rossiya Ukrainaning to’rtta viloyatini o’ziga qo’shib oldi, biroq haligacha Lugansk, Donetsk, Xerson va Zaporojye viloyatlarini nazoratiga to’liq ololgani yo’q.

Dushanba kuni Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 16-paketini tasdiqladi. Undan transport, energetika, texnologiyalar, savdo, matbuot sohalarida cheklovlar o’rin olgan, Rossiyaning soya flotiga tegishli ekani aytilayotgan 74 ta kema qora ro’yxatga qo’shildi, Rossiyaning 13 ta banki SWIFT xalqaro to’lovlar tizimidan o’chirildi, alyuminiy importi, Rossiyaga samolyot va aviatexnika sotish taqiqlandi.

"Ukrainadagi urush Yevropa kelajagi uchun eng asosiy va eng muhim inqiroz bo‘lib qolmoqda. Putin urushda g'alaba qozonish uchun har qachongidan ham ko'proq harakat qilmoqda. Uning maqsadi Ukrainani taslim qildirish. Bundan keyin nima bo'lishi mumkinligini bilamiz, chunki oldin bo’lgan bunday. Nafaqat Ukraina taqdiri, balki Yevropaning taqdiri ham xavf ostida", - dedi Yevropa Komissiyasining prezidenti Ursula fon der Leyen.

Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari Bryusseldagi majlisidan oldin bir daqiqalik sukut saqladi.

Tashkilotning tashqi aloqalarga mas’ul rasmiysi Kaya Kallas Ukrainani qo’llab-quvvatlashda davom etishga chaqirdi. Kallas seshanba kuni AQSh Davlat kotibi Marko Rubio bilan BMTda ko’rishmoqchi.

"Ukrainani har qachongidan qattiqroq qo’llab-quvvatlashimiz kerak. Ukrainani qisqa muddatda o’q-dori bilan ta’minlashga qaratilgan yangi mudofaa tashabbusini muhokama qilyapmiz”, - dedi u.

AQSh Prezidenti Donald Tramp urushni tezroq tugatish harakatida ekan, Yevropa Ittifoqi harbiy yordamni to’xtatmoqchi emas.

“Urush tugashi kerak. Dahshatli, uni kuzatish dahshatli. Prezidentlar Zelenskiy va Putin bilan aloqadaman”, - dedi Tramp.

AQSh rahbari harbiy yordam evaziga Ukrainaning grafit va litiy kabi nodir yer minerallaridan foydalanish huquqiga doir shartnoma yuzasidan muzokaralar kechayotganini ma’lum qildi.

"Ular sarflangan hamma pullarimiz evaziga bizga nimadir berishi kerak. Biz nodir yer minerallari va neft so’rayapmiz”, - deydi Tramp.

Tramp Ukrainadan 500 milliard dollar undirishga harakat qilyapti, biroq Zelenskiy AQShdan buncha yordam olinmaganini aytib, AQSh bilan 100 milliard dollarlik kelishuvga tayyor ekanini ma’lum qildi.

AQSh prezidenti Zelenskiyning prezidentlik muddati o’tganini, mamlakatda saylov o’tkazish kerakligini aytarkan, Zelenskiy tinchlik uchun hokimiyatdan ketishga rozi ekanini bildirdi.

"Agar tinchlik uchun ketishim kerak bo’lsa, tayyorman. NATOga a’zolik evaziga ketishga hozirman”, - dedi u.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin yakshanba kuni Vatan himoyachilari kuniga bag’ishlangan marosimda qatnashib, Ukrainada jang qilayotgan askarlarni medallar bilan taqdirladi, ularni yangi va zamonaviy qurollar bilan ta’minlashga so’z berdi.

Rossiya har kuni yangi hududlarni egallab borayotganiga qaramay, ukrainaliklar g’alaba ular tomonida bo’lishini aytmoqda.

“Ruslar bizni 300 yilda sindira olmadi. Harakat qilishdi, ammo qo’llaridan kelmadi”, - deydi ulardan biri.

“Zelenskiyni Ukraina prezidenti sifatida qo’llab-quvvatlayman. Urush davrida hammamiz birmiz”, - deydi yana bir ukrainalik.

Bu o’rtada Zelenskiy vakolatini yangi saylovgacha uzaytirishga imkon beruvchi qonun loyihasi Ukraina parlamentida yetarlicha ovoz to’play olmadi. Oliy Rada harbiy holat paytida saylov o’tkazishga imkon yo’qligini bildirdi.

Tramp Zelenskiyni diktator deb atadi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi Antoniu Guterrish Ukraina-Rossiya urushiga barham berishda mamlakatlarni hamkorlikka chaqirdi.

Urushning uch yillik munosabati bilan BMT Bosh Assambleyasida Yevropa Ittifoqi va Ukraina muallifligida rezolyutsiya loyihasi ovozga qo’yilishi kutilmoqda. Biroq Qo’shma Shtatlar ittifoqchilaridan Rossiyani bosqinda ayblovchi hujjatni qaytarishni so’rab, loyihaning betarafroq yangi ko’rinishini taqdim etmoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG