Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron AQShda Donald Tramp prezidentlikka saylanganidan beri Oq uyga tashrif buyurgan ilk Yevropa rahbari bo’ldi. Makron va Tramp asosan Ukraina haqida gaplashdi.
Makron Amerika prezidentining bu masalada pozitsiyasini o’zgartirishga muvaffaq bo’la olmadi.
O’tgan hafta Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyni diktator deb atagan Tramp Rossiya rahbariga kelganda bu so’zni ishlatishdan o’zini tiydi. Undan oldingi prezident Jo Bayden Putinni diktator, qotil deb atashdan tap tortmasdi.
"Urush hammamizga qimmatga tushdi. Bunga Rossiya aybdor, chunki bosqinchi Rossiya”, - dedi Makron.
Tramp Ukrainaga sarflangan pullarni undirib olishga harakat qilarkan, Makron Yevropa Kiyevga uzatgan yordamning kredit, grant, kafolatlar ko’rinishida ekanini ta’kidladi.
Tramp urush bir necha hafta ichida to’xtashini aytgan holda tinchlik kelishuvidan so’ng Rossiyaga borish niyati borligini bildirdi. Putin Trampni 9-may tantanalariga taklif etgan, biroq Tramp Rossiyaga bu paytda bora olmasligini taxmin qildi.
Makron Yevropa davlatlari tinchlik tashabbuslarida qatnashishga tayyor ekanini aytadi, Amerikadan ularni qo’llab-quvvatlashni, xavfsizlik kafolatlari bilan ta’minlashni so’radi.
Biroq Tramp ma’muriyati Yevropa o’z mudofaasi bilan o’zi shug’ullanishi kerakligini, mudofaaga ko’proq pul ajratishi kerakligini bildirib keladi.
Ikki rahbar tinchlik kelishuvidan so’ng Ukrainaga Yevropa tinchlikparvar qo’shinlarini kiritish kerakligida hamfikr ekanini, Tramp Putin ham bu fikrni qo’llab-quvvatlashini aytdi.
Kechagina Putinni Yevropa tinchligiga tahdid deb atagan Makron Tramp bilan uchrashuvdan so’ng Rossiya prezidenti bilan gaplashish kerakligiga urg’u berdi.
AQSh prezidenti shu yoki kelasi hafta Zelenskiy Vashingtonda bo’lishini, Ukrainaning nodir yer minerallari bo’yicha shartnoma shu paytda imzolanishini ma’lum qildi.
Elektr avtomobillar, uyali telefonlar, raketa tizimlari, boshqa elektronika mahsulotlairni ishlab chiqarishda muhim hisoblangan nodir yer minerallari tarkibiga 17 ta metal kiradi. Ukraina ularni ishlab chiqarish bo’yicha dunyoda yetakchi mamlakat emas, Rossiya to’rtlikka kiradi.
Putin Rossiyaga qo’yilgan iqtisodiy sanksiyalar bekor qilinsa, nodir yer minerallarini ishlab chiqarishda Rossiya AQSh bilan hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.
Payshanba kuni Oq uyda Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer ham bo’ladi.
Zelenskiy so’nggi paytlarda Tramp bilan chiqisha olmayotgan bo’lsa-da, AQSh bilan hamkorlikning ahamiyatiga urg’u berishda davom etmoqda.
"Jamoalarimiz AQSh bilan iqtisodiy kelishuv bo’yicha samarali muzokara olib bormoqda. Prezident Tramp, odamlarimiz, oilalarimiz xavotirda. Amerika bizga yordam beradimi? Amerika erkin dunyo yetakchisi bo’ladimi? Sizdan mana shularni eshitmoqchimiz. Amerika yordami biz uchun o’ta muhim”, - dedi Zelenskiy “Katta Yettilik” guruhining video ko’prik orqali o’tkazilgan majlisida.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Ukraina bo’yicha muzokaralar Kiyev ishtirokisiz o’tmasligi kerakligini aytadi.
"Istanbul jarayonidan tashqaridagi muzokaralarga Rossiya taklif etilmagan edi va shu sabab istalgan natijaga erishilmadi. Agar yangi jarayon natija berishini istasak, Ukraina albatta unga jalb etilishi, urush o’zaro muzokaralar orqali tugatilishi kerak”, - dedi u.
Rossiya prezidenti bunga qarshi emas, biroq Moskva Ukrainada saylov o’tkazilib, yakuniy tinchlik bitimi yangi rahbar bilan imzolanishi kerakligini ta’kidlaydi.
24-fevral kuni Ukrainada urush boshlanishining uch yilligi munosabati bilan BMT Bosh Assambleyasida Ukraina va Yevropa Ittifoqi homiyligida tayyorlangan Rossiyaga qarshi rezolyutsiya loyihasi AQSh e’tiroziga qaramay qabul qilindi.
Hujjatda Rossiyadan qo’shinlarini zudlik bilan Ukrainaning barcha hududlaridan olib chiqish talab qilinadi.
AQSh va Isroil ilk bor bu kabi hujjatga qarshi ovoz berib, Rossiya va Shimoliy Koreya bilan birdam bo’ldi. O’zbekiston betaraf ovoz berdi.
AQSh o’zi tayyorlagan rezolyutsiya loyihasini BMT Xavfsizlik Kengashida ovozga qo’ydi. Fransiya va Britaniya betaraf pozitsiyada tayyorlangan, Rossiyani qoralamaydigan hujjat matniga qo’shilmagan bo’lsa-da, unga veto qo’ymadi. Urush boshidan beri 15 a’zodan iborat kengash Rossiyaning veto huquqi sabab Ukraina bo’yicha birorta qaror qabul qila olmay kelayotgan edi. Bu gal 10 mamlakat, jumladan AQSh va Rossiya uni qo’llab-quvvatladi, Fransiya, Britaniya, Daniya, Gretsiya va Sloveniya betaraf bo’ldi.
"Ushbu rezolyutsiya bizni tinchlik yo’liga yo’naltiradi. Bu birinchi, ammo muhim qadam”, - dedi AQShning BMTdagi elchisi lavozimini vaqtincha bajarib turgan Doroti Shi.