Prezident Donald Tramp 24-fevral kuni Oq uyda Fransiya rahbari Emmanuel Makron bilan muloqot qildi.
Tramp Yevropa davlatlari o'z xavfsizligi uchun ko'proq mablag' ajratsin, deya ta'kidlamoqda. Hozirgacha, deydi u, AQSh bu borada eng ko'p jon kuydirib, pul sarflab keldi.
Ukrainadagi qonli urushni tugatishdan aslida Yevropa manfaatdor, deydi Tramp.
Makron e'tirof etishicha, Yevropa barqarorligi uchun Yevropa eng ko'p qayg'urishi shart ekani rost va qit'a davlatlari imkon qadar harakat qilmoqda.
Fransiya prezidenti Amerika rahbarini Rossiya bilan ehtiyot bo'lishga undagan, ya'ni uni Moskvaga nisbatan yumshoq bo'lmaslikka va Ukraina manfaatlari uchun kurashishga chaqirgan.
Rossiya Ukrainaga bostirib kirganiga uch yildan oshdi. Makron nazarida Vladimir Putin agressor va bosqinchi; millionlab insonlarning hayotini tahdid ostiga qo'yayotgan, begunoh insonlarning qonini to'kayotgan zolim.
Tramp esa u bilan gaplashish va uchrashish ilinjida. Bu qachon bo'ladi, Oq uy bildirmayapti.
Makron deydiki, Yevropa ham AQSh singari Ukrainadagi urush tezroq yakunlanishini istaydi, ammo muzokaralar tegishli tomonlarsiz o'tmasligi kerak.
"Ukraina haqidagi muzokarada Ukraina ham bo'lishi, Yevropa haqidagi muzokarada Yevropa vakillari bo'lishi va o'z talablarini qo'yishi, murosaga erishishda faol qatnashishi kerak", - deydi Makron "Fox" kanaliga bergan intervyusida.
Fransiya rahbari Oq uyni uning davlati va Yevropa Ittifoqi bilan savdoni qiyinlashtirmaslikka, tariflarni oshirmaslikka ham undagan. Bu qadar yirik biznes hamkorlar "yo'q joydan muammo chiqarmasligi", tobora rivojanib borayotgan iqtisodiy hamkorlikka zarar yetkazmasligi lozim, deydi Makron.
"Men yaqinda sun'iy intelllekt taraqqiyoti uchun 109 milliard yevro ajratishimizni e'lon qildim. Bunda AQSh kompaniyalarining roli katta bo'lishi mumkin. Ishning beliga tepasizmi? - deya so'raydi Makron.
Tramp deydiki, yaqin kunlarda AQSh va Ukraina orasida biznes va xavfsizlik yuzasidan yirik kelushuv imzolanadi. Uning aytishicha, AQSh Ukraina xavfsizligi kafolati uchun bu davlatning minerallari va boshqa qimmatbaho resurslarini qo'lga kiritadi.
"Bular - bizning Ukrainaga bergan milliardlab dollarlik yordamimiz evaziga olishimiz kerak bo'lgan narsalar. Amerika xalqi shuncha pulini behuda sarflamaganini bilishi va sezishi kerak", - deydi Tramp.
"Ukraina va Rossiya orasida zarracha ishonch yo'q. Biz ularni murosaga yetaklab, tinchlikka yo'l ochayapmiz. Bundan Rossiya ham foyda ko'radi. Putin, nazarimda, kelishuvga shay. Adashayotgan bo'lishim mumkin, ammo fikrimcha, u ham murosaga tayyor", - deydi Amerika rahbari.
Tramp so'zlariga ko'ra, AQSh Ukrainaga hech qanday shartsiz yordam bersa, Yevropa davlatlari unga qarz bermoqda, turli manfaatlarni ko'zlab, mablag' ajratgan.
Makron Trampning bu gapini inkor etib, Ukrainaga madadning 60 foizi shartsiz uzatilgan, deydi. Qolgan qismi qarz va turli shakldagi sarmoya, deydi Fransiya prezidenti.
O'tgan kunlar ichida Yevropaning kamida 30 rahbari bilan birga gaplashib, Ukraina yuzasidan siyosatdan xabardor Makron uzoq muddatli tinchlikka erishish darkor, deydi.
"Bizning muddaomiz - urush, agressiya yangilanmasin. Biz AQSh bilan birga qadam tashlashni istaymiz, chunki xavfsizlik kafolati uchun bu juda muhim. Biz bir jamoamiz, shu bois qudratlimiz", - deydi Makron.
AQSh poytaxtidagi Kennan institutidan tahlilchi Vilyam Pomeranz kuzatishicha, Ukraina va Rossiya orasida tinchlikni saqlash uchun Yevropa harbiylari safarbar etilishi ehtimoli yuqori.
Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy AQSh bilan kelishuv yaqin ekanini tasdiqlab, ikki hukumat buning uchun qattiq ishlayotganini aytgan.
Uning so'zlariga ko'ra, Ukraina xalq xavotirda. Amerka ertaga yordam beradimi? Amerika erkin dunyo yetakchisi bo'lib qoladimi?
"Mening xalqim uchun buni bilish hayot-mamot masalasidir. AQSh madadi biz uchun o'ta ahamiyatli, - deydi Zelenskiy.
Kremlga ko'ra, Ukraina borasida hali real muzokaralar boshlanmagan, shu kungacha AQSh bilan qilingan aloqa qismangina urush haqida kechgan.
Shunga qaramasdan, Vashingtonda ko'plab ekspertlar nazarida AQSh Putinga yon bosishi mumkin. Tramp yaqinda Zelenskiyni diktator deb chiqqani, uni qoralagani Rossiyaga kuch beradi, deydi Tashqi aloqalar kengashidan Liana Fiks,
"Bu faqat Tramp va Zelenskiy orasidagi gaplar emas, balki AQSh Rossiya bilan aloqani normallashtirish payida ekanidan darak. Ukraina bu jarayonda muammo sifatida ko'rilayotgadek", - deydi Fiks.
Kiyevda urushning uch yilligi munosabati bilan xalqaro yig'inlar, jumladan siyosiy va ilmiy anjumanlar o'tmoqda.